Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro maydonda — bitiruvchilar AQSHda ishlash va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi
19.04.2025 2025-04-21 11:01Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro maydonda — bitiruvchilar AQSHda ishlash va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi
Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro maydonda — bitiruvchilar AQSHda ishlash va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ta’lim sifati, ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorlik borasidagi islohotlari bilan nafaqat mamlakat miqyosida, balki xalqaro miqyosda ham o‘z nufuzini mustahkamlab bormoqda.
Yaqinda institutning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi nufuzli tashkilotlardan biri — ECFMG (Educational Commission for Foreign Medical Graduates) ro’yxatidan o’tishi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
ECFMG — AQSHda amaliyot o‘tash yoki tibbiy rezidentura dasturlarida ishtirok etishni istagan xorijiy shifokorlar uchun tan olingan tashkilot hisoblanadi. U xalqaro tibbiyot bitiruvchilarining bilim va malakasini baholaydi, USMLE (United States Medical Licensing Examination) — Amerika tibbiy lisenziyalash imtihonlarida qatnashish huquqini beradi.
Bu ro‘yxatga kiritilishning BuxDTI talabalari uchun ahamiyati beqiyos. Endi institut bitiruvchilari AQSHda tibbiy amaliyot o‘tash, rezidentura dasturlariga ariza topshirish, ta’lim va ish faoliyatini xalqaro maydonda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shubhasiz, bu nafaqat talabalarning shaxsiy muvaffaqiyati, balki institutning global maqomini belgilaydigan muhim ko‘rsatkichdir.
Mazkur tan olish Buxoro davlat tibbiyot instituti uchun qator istiqbolli yo‘llarni ochadi:
- Institutning xalqaro nufuzi oshib boradi. Bunday akkreditatsiya muassasaga jahon miqyosida ishonchli va tan olingan ta’lim maskani sifatida qaralishini ta’minlaydi.
- Bitiruvchilarning diplomlari keng qamrovli tan olinadi. Faqat AQSH emas, balki qator boshqa davlatlar ham ECFMG ro‘yxatidagi muassasalar diplomiga ishonadi.
- Xalqaro talabalarni jalb etish imkoniyati kengayadi. Ta’lim sifatini izlayotgan chet ellik yoshlar bunday institusional obro‘ga ega OTMni tanlaydi.
- Olim va o‘qituvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar. Xalqaro loyihalarda ishtirok etish, xorijda konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etish imkoniyatlari kengayadi.
Shu jihatdan olib qaralganda, Buxoro davlat tibbiyot institutining ECFMG ro‘yxatiga kiritilishi — nafaqat bitiruvchilar uchun, balki butun ta’lim jamoasi uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bu — institutning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlab, mamlakatimiz tibbiyot ta’lim tizimining jahon andozalariga moslashuvi yo‘lidagi muhim qadamdir.