BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI XALQARO REYTINGDA MUNOSIB NATIJA KO‘RSATDI
09.10.2026 2026-10-09 9:51BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI XALQARO REYTINGDA MUNOSIB NATIJA KO‘RSATDI
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti nufuzli Round University Ranking (RUR) xalqaro reytingining 2026-yilgi «Subject Rankings» natijalariga ko‘ra, dunyo oliy ta’lim muassasalari orasida 1083-o‘rinni, tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha esa 775-o‘rinni egallab, «World League» toifasidan joy oldi.
Eng yuqori natija bir qator fanlar bo‘yicha xalqaro xilma-xillik yo‘nalishida qayd etildi. Institut mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha dunyo universitetlarining TOP-500 taligiga kirdi.
Ma’lumot uchun, RUR 2010-yildan buyon dunyoning yetakchi universitetlarini 20 ta ko‘rsatkich asosida to‘rt asosiy yo‘nalish — ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro xilma-xillik va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha baholab kelmoqda.
RUR Subject Rankings — Round University Ranking agentligining fan sohalari kesimidagi reytingi bo‘lib, unda dunyo oliy ta’lim muassasalari oltita yirik soha — gumanitar fanlar, hayot haqidagi fanlar, tibbiyot fanlari, tabiiy fanlar, texnika fanlari va ijtimoiy fanlar bo‘yicha alohida baholanadi.
Har bir yo‘nalishda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro xilma-xillik hamda moliyaviy barqarorlik kabi mezonlar asosida baholanadi. Shu tariqa mazkur reyting oliy ta’lim muassasasining aynan o‘z ixtisosligi bo‘yicha jahon miqyosidagi o‘rnini ko‘rsatib beradi.
Buxoro davlat tibbiyot institutining mazkur natijasi professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va talabalarning izchil mehnati, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasidir.
Institutning Xalqaro bo‘limi xalqaro reytinglardagi mavqeyini yanada mustahkamlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.
Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati