BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot institutida Finlyandiya bilan ilmiy va taʼlimiy hamkorlik muhokamasi

Buxoro davlat tibbiyot institutida Finlyandiya bilan ilmiy va taʼlimiy hamkorlik muhokamasi1

Buxoro davlat tibbiyot institutida Finlyandiya bilan ilmiy va taʼlimiy hamkorlik muhokamasi

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida Finlyandiyaning yetakchi taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari ishtirokida muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida Eastern Finland University (UEF) va Natural Resources Institute Finland (LUKE) tashkilotlaridan kelgan mutaxassislar — Ms. Roseanna Avento va Ms. Annika Männikkö o‘z sohalaridagi ilmiy tajriba va bilimlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Oziq-ovqat xavfsizligi, jamoat salomatligi va gender tengligi masalalari

UEF xalqaro rivojlanish menejeri, soha mutaxassisi Ms. Roseanna Avento o‘z ma’ruzasida oziq-ovqat xavfsizligi, taʼlimda gender tengligi va jamoat salomatligini taʼminlashda raqamli modellardan foydalanish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. U oliy taʼlim muassasalarida nutritsion xavfsizlikni taʼminlashda strategik yondashuvlarni, shuningdek, ayollar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar haqida fikr bildirdi.

LUKE instituti tadqiqotchisi Ms. Annika Männikkö, shu bilan birga University of Helsinki doktoranti sifatida, mahalliy chorva zotlarining iqlimga moslashish mexanizmlarini o‘rganish bo‘yicha genomik tadqiqotlar olib bormoqda. Uning mutaxassisligi bioinformatika, genomika va transkriptomika sohalarini qamrab oladi. Ushbu sohalardagi tajribasi Buxoro davlat tibbiyot instituti olimlari uchun yangi tadqiqot yo‘nalishlarini ochib berdi.

Uchrashuv doirasida tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldilar:

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma tadqiqot va taʼlim dasturlari;

Talaba va tadqiqotchilar uchun akademik mobillik imkoniyatlari;

Bioinformatika va genomika bo‘yicha o‘quv modullarini ishlab chiqish;

Gender Studies va Community Health yo‘nalishlarida raqamli taʼlim platformalarini yaratish.

Mazkur tashrif – Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro miqyosdagi ilmiy hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosati doirasidagi muhim qadam hisoblanadi. Tadqiqotchilarning tajribasi va ilmiy yondashuvlari institutda taʼlim va ilm-fan rivojining yangi bosqichini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvda BuxDTIning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Gavhar Jarlikasinova, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Olima Vohidova, shuningdek, tegishli kafedralar mudirlari va yetakchi olimlar ishtirok etdi.