BuxDTI matbuot xizmati Ilmiy bo'lim

Buxoro davlat tibbiyot institutida insekt allergiyasini tashxislash va davolash bo‘yicha muhim ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda

20260925_102243

Buxoro davlat tibbiyot institutida insekt allergiyasini tashxislash va davolash bo‘yicha muhim ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda

Buxoro davlat tibbiyot institutida 2026-yil davomida AL-11725099148-sonli “Insekt allergiyasining tashxislash va davolashni amaliyotga tadbiq etish” mavzusidagi davlat ilmiy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ilmiy-amaliy va innovatsion ishlar bajarildi.

​Loyiha doirasida malakali mutaxassislardan iborat ilmiy guruh shakllantirilib, xalqaro tajriba tahlil qilindi hamda BDTI Etika qo‘mitasining rasmiy xulosasi olindi. Amaliy tadqiqotlarni samarali o‘tkazish maqsadida Jondor, Qorovulbozor va Buxoro tuman tibbiyot birlashmalari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.

​Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari tashkil etilib, laboratoriya jihozlari, sarf va qadoqlash materiallarini xarid qilish, texnologiyalar transferi hamda mahsulotni standartlashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Tadqiqot doirasida raqamli texnologiyalar keng joriy etildi: Google Forms platformasida maxsus so‘rovnoma yaratilib, pilot hududlardagi 244 nafar allergik bolalar o‘rtasida skrining va epidemiologik tahlillar o‘tkazildi. Laboratoriya-texnik ta’minotni mustahkamlash bilan birga, “AllerGenChip” prototipi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ixtiro patenti va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

​Ilmiy izlanishlar natijalari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Xususan, loyiha a’zolari Buxoro shahrida o‘tkazilgan Talabalar va yosh olimlar VI Xalqaro konferensiyasida ma’ruza bilan ishtirok etishdi, shuningdek, OAK ro‘yxatidagi nufuzli ilmiy jurnallarda (“Ilmiy va innovatsion terapiya”, “Fundamental va klinik tibbiyot axborotnomasi”, “Tibbiyotda yangi kun”) 3 ta ilmiy maqola nashr etildi.
​Ushbu loyiha mamlakatimizda pediatrik allergologiya sohasini rivojlantirish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati