BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot institutida Xitoy tili markazi ochildi

Buxoro davlat tibbiyot institutida Xitoy tili markazi ochildi1

Buxoro davlat tibbiyot institutida Xitoy tili markazi ochildi

Bugungi globallashuv jarayonida tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi jadal rivojlanayotgan xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti dunyoning yetakchi tibbiy ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirib bormoqda.

Institutda ilgariroq koreys tilini o‘rganishga yo‘naltirilgan Qirol Sejong markazining tashkil etilgani xalqaro hamkorlikning yaqqol ifodasi bo‘ldi. Endilikda ushbu an’anaviy yo‘nalish yana bir muhim qadamma oldinga siljidi – institutda Xitoy tili markazi ish boshladi.

Xitoy bilan hamkorlikda yangi imkoniyatlar eshigi ochildi

Kuni kecha institutda xalqaro hamkorlik doirasida navbatdagi muhim tashabbus amalga oshirildi. Xitoy Xalq Respublikasi vakillari Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurib, yangi markazning ochilishida ishtirok etdilar. Mehmonlarni institut rektori, professor Shuhrat Teshayev samimiy kutib oldi va ularni o‘quv-amaliy jarayonlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Tadbirda Pekin Ipak yo‘li madaniyat markazi direktori Zang Hongyan hamda Xitoy tili o‘qituvchisi Chen Hao ishtirok etdi. Ular institut rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘quvchilar va talabalar uchun zamonaviy metodika asosida til o‘rganish sharoitlarini yaratish masalalarida fikr almashdilar.

Xitoy tilini o‘rganish – yangi avlod uchun yangi ufqlar

Tashkil etilgan Xitoy tili markazi nafaqat institut talabalari va professor-o‘qituvchilari, balki Buxoro viloyatidagi barcha til o‘rganishga qiziquvchilar uchun ham faoliyat yuritadi. Endilikda buxorolik yoshlar, tibbiyot sohasi vakillari va boshqa qiziqish bildirgan fuqarolar xitoy tilini bevosita malakali mutaxassislar rahbarligida o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Markazning faoliyati Xitoyning ilg‘or tibbiy tajribalari va texnologiyalarini o‘rganish, shuningdek, talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yishda ham muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Tibbiyotda Xitoy tajribasi – hamkorlik sari dadil qadam

Ma’lumki, Xitoy bugungi kunda faqat iqtisodiy-texnologik yutuqlari bilan emas, balki tibbiyot sohasidagi yuksak salohiyati bilan ham e’tirof etilmoqda.

An’anaviy Xitoy tibbiyoti bilan zamonaviy tibbiy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda, bu mamlakat jahon sog‘liqni saqlash tizimida o‘zining yetakchi o‘rniga ega.

Shunday bir paytda Buxoro davlat tibbiyot institutining Xitoy bilan barqaror va samarali hamkorlik yo‘lini tanlagani, nafaqat institut salohiyatini oshirishga, balki butun mintaqada tibbiy ta’lim sifatining yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Xulosa o‘rnida

Yangi ochilgan Xitoy tili markazi – bu nafaqat bir tilni o‘rganish imkoniyati, balki madaniyatlararo muloqot, ilmiy-tadqiqot aloqalarini chuqurlashtirish va xalqaro tajribani o‘zlashtirish sari tashlangan muhim qadamlardan biridir. Bunday tashabbuslar Buxoro davlat tibbiyot institutini nafaqat mamlakat, balki xalqaro miqyosda ham tan olingan ilg‘or ilmiy markazlardan biriga aylantirishga xizmat qiladi.