BuxDTI matbuot xizmati Fotogalereya Madaniy-ma’rifiy faoliyat Madaniy-ma’rifiy tadbirlar Talabalar hayoti

Buxoro davlat tibbiyot institutining Xalqaro Turkiya fakulteti bitiruvchilariga diplom topshirildi

8a2948c38acf1206cfb14

Buxoro davlat tibbiyot institutining Xalqaro Turkiya fakulteti bitiruvchilariga diplom topshirildi

Bugun Buxoro davlat tibbiyot institutining Turkiya tibbiyoti fakulteti uchun kun katta bayramga aylanib ketdi. Shahrimiz bo‘ylab “Xalqaro Ipak va ziravorlar” festivali o‘tkazilib kelayotgan bir paytda, institutning yangi binosidagi muhtasham zalda Sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikdagi fakultetda uch yil oldin qabul qilingan talabalarga diplomlar topshirildi.

Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabining Anesteziologiya, Fizioterapeya hamda Shoshilinch tibbiy yordam yo‘nalishlarida uch yil davomida tahsil olgan sobiq talabalar endi qo‘lida mutaxassis diplomini olib shifokorlik faoliyatini boshlashi mumkin bo‘ldi.

Bitiruv marosimida Turkiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Sog‘liq bilimlari universiteti rektori Doktor Javdat Erdol, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuxrat Teshayev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, professsor o‘qituvchilar va talabalarning ota onalari ishtirok etishdi.

Talabalarga diplomni Turkiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi, ikkala oliygoh rektorlari, professor o‘qituvchilar tantanali ravishda topshirishdi. Shuningdek, mazkur tadbir Turkiya teleradiokompaniyasida jonli ravishda yoritib borildi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik rishtalarini mustahkamlayapti. Xususan, ikki davlat oliy o‘quv yurtlarining qo‘shma dasturlarni amalga oshirishayotgani e’tiborga molikdir. Abu Ali ibn Sino vatani sanalgan Buxoroda Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti Tibbiyot fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabi faoliyat ko‘rsatayotgani fikrimiz dalilidir.

Aytish joizki, bugungi kunda Istanbul shahridagi mazkur universitet bilan Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, har yili  buxorolik mutaxassislar ushbu universitetda imtiyozli tarzda malaka oshirdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Sog‘liq bilimlari universiteti tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash borasida dunyoning yetakchi o‘quv muassasalaridan sanaladi. Uning mamlakat turli hududlarida 16 ta filiali faoliyat yuritmoqda. O‘ziga ishongan, yosh, tirishqoq shifokorlar tayyorlashda boy tajribaga ega.

2019 yilda ikkala davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan, Istanbuldagi Sog‘liq bilimlari universitetining fakultetini Buxoroda ochish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi.

Keyinchalik mazkur oliy ta’lim muassasasi rektori Javdat Erdol O‘zbekistonga tashrif buyurdi va qator kelishuvlar bilan birgalikda Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Sog‘liq bilimlari universitetining Ibn Sino nomidagi tibbiyot fakulteti hamda hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabini ochish yuzasidan bitimga erishilgan edi. Bu bitimlar har ikki davlat rahbarlari darajasida qo‘llab – quvvatlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi, Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasidagi kelishuvga asosan 20209 yilda Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabiga talabalar qabuli uchun imtihon tashkil etildi hamda belgilangan kvotaga asosan 80 nafar talaba Anesteziologiya, Birinchi shoshilinch yordam, fizioterapiya yo‘nalishlarida o‘qishga tavsiya qilingan edi.

-Bugun hayotimda unutilmas kun,- deydi Birinchi shoshilinch yordam yo‘nalishida bitiruvchisi Dilso‘z Jalilova .-Juda xursandman.Orzuyimga erishdim. Shifokorlik diplomini qo‘lga kirityapmiz. Nasib qilsa, tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni egallab, xalqimiz salomatligini muhofaza etishdek xayrli ishda kuch – g‘ayratimni ayamayman.

Tadbirning ikkinchi qismida Turkiya tomoni Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan ham hamkorlik memoriandumi imzoladi.