BuxDTI matbuot xizmati Fotogalereya

Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi rasman o‘z faoliyatini boshladi

b42837ca40296df5a1eff

Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi rasman o‘z faoliyatini boshladi

Bugun ko‘hna va navqiron Buxoro shahrida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muassasa nafaqat mamlakatimizda, balki jahon tibbiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar tayyorlaydigan maydonga aylanadi.

Katta bayramga aylanib ketgan tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning tabrigi viloyat SSB boshlig‘i Askar Bahronov tomonidan o‘qib eshittirildi. Marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari, mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektor va prorektorlari, tibbiyot muassasalar rahbarlari, xorijiy hamkor tashkilotlarning yuqori vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov Prezidentimizning uzoqni o‘ylab, tibbiy ta’limni kompleks rivojlantirishga qaratilgan qarorlardagi belgilangan vazifalar tegishli topshiriqlari ijrosi tibbiy ta’lim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirish, tibbiyot oliy o‘quv yurti talabalarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va pirovard natijada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Tantanali ochilish marosimdan so‘ng mahbatli kampus bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi. Mehmonlar yangi binoning imkoniyatlari va bu yerda joylashgan zamonaviy klinika hamda Simulyatsion markaz faoliyatiga yuqori baho berishdi. Ta’kidlash joizki, mazkur bino qurilishiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil mart oyida Buxoro viloyatiga qilgan safari davomida berilgan topshiriqlari dasturulamal bo‘lgan edi.

Ma’lumot o‘rnida: Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990 yilda tashkil topgan.   Hozirda institutda 8 ta fakultet va 42 ta kafedra, 12 ta bakalavriat hamda 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq xo‘jaligining tibbiyot sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi ko‘zda tutilgan.

Kunning ikkinchi yarmida, yangi foydalanishga topshirilgan tibbiyot institutining kichik majlislar zalida mamlakatimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlarining rayosat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda milliy tibbiyot va farmasevtika ta’limini modernizatsiya qilish, ushbu sohaga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, ta’lim olayotgan yoshlarga ma’naviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirish masalalari borasida so‘z bordi. Yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida  zamonaviy ta’lim metodikalari, ilg‘or xorijiy davlatlarning o‘quv dasturlari orqali yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yetuk kadrlarni tayyorlash masalasini muhokama qilishdi.

Malakali shifokor tayyorlash uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish buning uchun o‘quv rejalarida klinik va klinika oldi fanlar bloklari ulushini keskin ko‘paytirish, klinik amaliyotga asosiy e’tibor qaratib, nazariya va amaliyot integratsiyasini ta’minlaydigan ta’lim sifatiga erishishga urg‘u berildi. Shuningdek, bir qator rahbarlar o‘zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda yurtimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari ta’lim tizimini yanada takomillashtirishda o‘zaro hamkorlikda ish olib borish masalalari muhokama qilib, qator muhim masalalar bo‘yicha muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.