BuxDTI matbuot xizmati Fotogalereya

Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi va muhtasham kampusida zamonaviy klinika ochildi

67a73c711eeabfbafcf00

Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi va muhtasham kampusida zamonaviy klinika ochildi

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar avvalo, inson hayotini muhofazalash, huquq va manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Zero, dunyoda kasb-kor ko‘p, ammo inson hayoti va salomatligi uchun qayg‘uradigan, umri mazmunli va bardavom bo‘lishi uchun jon kuydiradigan, o‘zlari jonbozlik ko‘rsatib, boshqalarga hayot baxshida qiladigan sharafli kasb egalari bu shifokorlardir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatimizda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi va muhtasham kampusi qurilib, foydalanishga topshirilgani xayrli tashabbus va e’tiborning amaliy ifodasi desak, mubolag‘a emas. Bugun esa mazkur muassasaning yana bir quvvati, talabalar amaliyotiga katta maydon, hozirgi zamon talablariga to‘la javob beradigan yangi klinikaning ochilish marosimi tantanaga aylandi.

Xorijiy mehmonlar, jamoatchilik vakillari, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari, oliy ta’lim dargohi pedagog jamoasi va yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, barchani zamonaviy tibbiyot klinikasi bilan samimiy tabrikladi.

Zamonaviy uslubda barpo etilgan klinika ilg‘or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori texnologik davolash usullarini amalga oshirish imkoniyatini beradi. Muassasada bemorlar davolanishi, tibbiy xodimlar faoliyat yuritishi, talabalarning to‘laqonli bilim olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bir paytda 200 nafar statsionar va 300 nafar bemorga ambulator yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega mazkur tibbiyot klinikasi loyihasi umumiy qiymati 65 milliard so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, muassasani talab darajasida jihozlash uchun 55 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Endilikda muassasada neyroxirurgiya, travmatologiya, kardioxirurgiya, bosh miya o‘tkir qon aylanishi buzilishi, endourologiya, rekonstruktiv jarrohlik, intervension kardiologiya sohalarida yuqori texnologik tibbiy amaliyotlarga muhtoj bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Bu esa xorijga yoki boshqa olis hududlarga bormasdan, shu yerning o‘zida jahon andozalari darajasidagi tibbiy xizmat ko‘rsatish va inson salomatligini tiklash uchun sarflaydigan mablag‘ini tejash imkonini beradi.

Yana bir yangilik, kelgusida bu klinikada murakkab texnologik jarrohlik operatsiyalari, buyrak, jigar va yurak transplantatsiyalarini amalga oshirish uchun jiddiy qadam tashlanmoqda. Klinikadagi malakali shifokorlarning bosh maqsadi esa nafaqat Buxoro viloyati, balki Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari aholisining uzog‘ini yaqin qilish, dardiga malham bo‘lish, davo topishdir.

Zamonaviy tibbiyot klinikasining ochilish marosimida Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro hamkorlaridan Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti Yevroosiyo sog‘liqni saqlash va ijtimoiy fanlar tadqiqot markazi direktori Aynur Feyzio‘g‘li, Boltiqbo‘yi Federal universiteti professori, tibbiyot fanlari doktori Mixail Agapovlar ham so‘zga chiqib, ilg‘or texnologiyaga ega muassasa moddiy-texnik imkoniyatini yuqori baholadilar. 

Ta’kidlanganidek, bundan maqsad tibbiyot asoschisi, buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino tavallud topgan zaminda tibbiyotning so‘nggi yutuq va imkoniyatlarini keng qo‘llash barobarida sohaga oid IT—zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, tibbiyot rivojiga xizmat qiladigan yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ular malakasini oshirish va zarur hollarda chet ellik tajribali mutaxassislarni jalb qilish orqali tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilashdir.

Yig‘ilganlar klinikada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.