“BUXORO-TalabaExpo 2025” boshlandi!
25.09.2025 2025-09-25 16:35“BUXORO-TalabaExpo 2025” boshlandi!
Buxoro shahrida bitiruvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish maqsadida “TalabaExpo-2025” kasb ko‘rgazmasi boshlandi.


Mazkur tadbir “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda.


Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan vazirlik va idoralar rahbarlari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari Prezidentimiz tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgani, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda ko‘rgazmaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.


Ko‘rgazmada viloyatdagi 9 ta oliy ta’lim tashkilotining 10 ming nafardan ortiq talaba-yoshlari va bitiruvchilari ishtirok etmoqda. Ularga 100 dan ortiq yirik ish beruvchilar tomonidan 1 000 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari, shu jumladan amaliyot va stajirovkalar taklif etilmoqda.


Tadbir dasturiga muvofiq, kun davomida talabalarning Buxoro erkin industrial-iqtisodiy zonasiga tashrifi, muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan uchrashuv, biznes va startap loyihalar taqdimotlari, shuningdek, imtiyozli kreditlar bo‘yicha maslahatlar tashkil etiladi.