Buxoro viloyati hokimi BuxDTIning Hindistonlik talabalari bilan uchrashdi
22.04.2023 2023-04-28 9:57Buxoro viloyati hokimi BuxDTIning Hindistonlik talabalari bilan uchrashdi
Buxoro viloyati hokimi BuxDTIning Hindistonlik talabalari bilan uchrashdi
Xabar berganimizdek, bugun, 22 aprel kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘lib, bu yerda tahsil olayotgan xorijiy talabalar bilan uchrashdi.
Muloqotda Hindistondagi “Neo Institute of Medical Sciences and Technology Limited” kompaniyasi direktori Divya Sunitha Raj Burra, Kalkutta universiteti professori, doktor Sudha Sedharam, shuningdek, viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, Buxoro shahar hokimi, viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida qayd etilganidek, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ayni damda jahonning 150 dan ziyod universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. So‘nggi uch yil mobaynida xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolangan. Rossiya, Hindiston, Xitoy, Polsha, Italiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilib, talabalar o‘qishga qabul qilinmoqda. Jumladan, 2022 yil Buxoro davlat tibbiyot instituti va “Neo Institute of Medical Sciences and Technology Limited” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan hozirgi kunga qadar institutga mingga yaqin hindistonlik talabalar o‘qishga qabul qilingan.
Umuman, institutda hozirda dunyoning 20 ga yaqin davlatlaridan 3 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda.
Viloyat rahbari hindistonlik talabalar bilan uchrashuvda bugungi globallashuv davrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan O‘zbekistonda nafaqat yurtimiz, balki xorijlik talaba-yoshlarning ta’lim olishi uchun zarur barcha ishlar qilinayotganligini ta’kidladi. Qolaversa, Botir Zaripov yoshlarga zamonaviy ilmlarni egallashning bugungi hayotdagi, har bir mamlakat rivojidagi katta ahamiyati haqida to‘xtaldi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham, Hindistonda ham malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj haqida to‘xtalgan viloyat hokimi yoshlarni o‘qishni tamomlagach, jamiyat ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qilishlariga umid bildirdi.
Ayni jihatlarni uchrashuvda so‘z olgan “Neo Institute of Medical Sciences and Technology Limited” kompaniyasi direktori Divya Sunitha Raj Burra, Kalkutta universiteti professori, doktor Sudha Sedharam ham mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Ayniqsa, Buxoro davlat tibbiyot institutidagi ta’lim imkoniyatlari, talabalarga yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berildi.
Talabalar o‘zlarining Buxorodagi o‘qish va hayot sharoitlari, kelgusi rejalari borasida o‘rtoqlashdilar. Shu bilan birga taklif va muammolarini bildirib, ularni hal etishda maslahat va ko‘mak so‘radilar.
Har bir taklif va tashabbusni o‘rganib chiqish va hal qilish bo‘yicha uchrashuvda ishtirok etgan viloyat mas’ullariga vazifalar belgilandi.
Uchrashuv yakunida “Neo Institute of Medical Sciences and Technology Limited” kompaniyasi va viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.