Buxoroda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va amaliyotga tadbiq qilish bo‘yicha seminar tashkil etildi
01.03.2025 2025-03-05 11:38Buxoroda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va amaliyotga tadbiq qilish bo‘yicha seminar tashkil etildi

Buxoroda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va amaliyotga tadbiq qilish bo‘yicha seminar tashkil etildi
Buxoro davlat tibbiyot institutiida dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va tibbiyot amaliyotida tadbiq etish masalalariga bag‘ishlangan muhim seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 maydagi “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.


Seminar institut va viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda farmasevtik kompaniyalar vakillari, talabalar, olimlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari hamda sohaga aloqador tashkilotlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda xalq tabobatini rivojlantirish, dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va ulardan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur qarorning asosiy maqsadi – dorivor o‘simliklarning ilmiy tadqiqotlar negizida sanoat miqyosida yetishtirilishini yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyotda ularning qo‘llanishini kengaytirish hamda dorivor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat.
BuxDTIda so‘nggi besh yil davomida xalq tabobati yo‘nalishida bakalavr darajasida kadrlar tayyorlab kelinmoqda. Bugungi kunga kelib, institut qoshida 50 dan ortiq dorivor o‘simlik turi yetishtirilib, ular tibbiyot amaliyotida qo‘llanilmoqda. Bu esa soha mutaxassislari uchun amaliyotda tajriba orttirish va ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatini yaratadi.
Tadbirda ishtirokchilar xalq tabobatini rivojlantirish, dorivor o‘simliklardan tibbiy preparatlar ishlab chiqarish va ularni tibbiyotda samarali qo‘llash yo‘nalishlarida fikr almashdilar.


Institut rektori Shuhrat Teshayev va viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov yig‘ilganlarga mazkur qaror ijrosi hamda an’anaviy tabobatni taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar. Seminar doirasida farmasevtika sohasi vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusida dorivor o‘simliklarning iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada oshirish borasida amaliy takliflar bildirdilar.
Bu kabi tadbirlar dorivor o‘simliklardan samarali foydalanish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalq tabobatini yanada ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

