BuxDTI matbuot xizmati

Buxoroda stomatologiya talabalari uchun master-klass o‘tkazildi

master-klass o‘tkazildi1

Buxoroda stomatologiya talabalari uchun master-klass o‘tkazildi

Kuni kecha Buxoro davlat tibbiyot instituti Stomatologiya o‘quv-ilmiy va amaliy markazi majlislar zalida “Umid Medical Centre” MChJ bilan hamkorlikda stomatologiya fakulteti talabalari uchun uchrashuv va master-klass tashkil etildi.

Tadbir yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda xususiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida “Umid Medical Centre” rahbariyati klinika faoliyati, uning rivojlanish bosqichlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, muassasa HR mutaxassislari tomonidan ichki tizim, qadriyatlar hamda ishga qabul jarayonlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir doirasida malakali shifokorlar stomatologiya sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, jumladan biomimetika asoslari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni taqdim etdi. Bundan tashqari, klinikada faoliyat yuritayotgan yosh assistent shifokorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etilib, talabalarga amaliy tajriba va kasbiy rivojlanish yo‘llari haqida tavsiyalar berildi. Interaktiv ruhda o‘tgan tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Uchrashuv yakunida talabalarning kasbiy qiziqishi va motivatsiyasi oshgani, ularni amaliyotga jalb etish hamda ish bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaygani ta’kidlandi. Shuningdek, institut va xususiy tibbiyot muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim asos yaratildi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir yosh kadrlarni tayyorlash, ularni mehnat bozoriga integratsiya qilish hamda zamonaviy tibbiy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi.