BuxDTI matbuot xizmati Madaniy-ma’rifiy faoliyat Talabalar hayoti

Buxoroda xalqaro talabalar va yosh olimlar forumi: “Morfologiya va jarrohlik”

Morfologiya va jarrohlik6

Buxoroda xalqaro talabalar va yosh olimlar forumi: “Morfologiya va jarrohlik”

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida talabalar va yosh olimlar uchun muhim voqea bo‘lgan “Morfologiya va jarrohlik” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum talabalar va yosh olimlar uchun nafaqat bilim va tajriba almashish maydoni, balki tibbiyot sohasidagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishish imkoniyatini ham yaratdi.

Ochilish marosimida yurtimizning 10 dan ziyod oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan nufuzli universitet jamoalari qatnashdi. Xalqaro ishtirok forumning nufuzini yanada oshirib, talabalar va yosh olimlar uchun turli davlatlar tajribalari bilan tanishish imkoniyatini yaratdi.

Tadbir doirasida bo‘lajak tibbiyot xodimlarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida xalqaro olimpiada va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi. Konferensiyalarda jarrohlik sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar, zamonaviy innovasion usullar hamda ilmiy tadqiqotlar keng muhokama qilindi.

Forum jarayonida talabalar va yosh shifokorlar cho‘chqa va boshqa hayvonlarda yurak, jigar va buyrak kabi organlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Bu jarayon yosh shifokorlarga jarrohlikdagi muhim mahoratlarini sinovdan o‘tkazish imkonini berdi. Shu bilan birga, talabalar o‘zlarining xorijiy tillarni qanchalik yaxshi bilishlarini ham namoyon etishdi, bu esa ularning xalqaro miqyosda ishlash salohiyatini ko‘rsatib berdi.

Forum davomida qo‘shni davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan talabalar o‘zaro yaqin do‘stlashish imkoniga ega bo‘lishdi. Turli mamlakatdan kelgan yoshlar tajriba almashish jarayonida yangicha g‘oyalar bilan o‘rtoqlashishdi va kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratishdi. Bu kabi samimiy aloqalar talabalarning kelajakda hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishlari va tibbiyot sohasida mintaqaviy integratsiyani rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Forum yakunida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida talabalar va yosh olimlar 44 ta nominatsiya bo‘yicha institut rektori Shuhrat Teshayev tomonidan taqdirlandi. Gʻoliblarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alar topshirildi. Bu mukofotlar yoshlarning kelgusi faoliyatida katta rag‘bat manbai bo‘lishi shubhasiz.

Bunday xalqaro forumlar talabalar va yosh olimlarning tibbiyot sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘z sohacida yuqori natijalarga erishishlari uchun katta imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, bu kabi tadbirlar tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlar rivojiga hissa qo‘shib, kelgusida yurtimiz shifokorlarining malakasini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, talabalar o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va hamkorlik munosabatlari kelajakda xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shadi.