BuxDTI matbuot xizmati

Institutga Sankt-Peterburgning nufuzli universitet vakillari tashrif buyurdi

Institutga Sankt-Peterburgning nufuzli universitet vakillari tashrif buyurdi1

Institutga Sankt-Peterburgning nufuzli universitet vakillari tashrif buyurdi

23–25 noyabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Mexanika va optika universiteti (ITMO)ning bir guruh yuqori malakali mutaxassislari Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.
Delegatsiyani institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Laziz Niyazov kutib oldi. Mehmonlar institut infratuzilmasi, ilmiy salohiyati va yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadilar.

Delegatsiya tarkibidan ITMO universiteti Ilmiy kommunikatsiya markazi direktori va magistratura rahbari Darya Denisova, endokrinolog, Fomin klinikasi bosh shifokori va “Public Health Sciences” dasturi rahbari Evgeniya Sokolova, dastur kuratori Valentina Blashchuk, Ilmiy kommunikatsiya markazi direktor o‘rinbosari Yuliya Volzhina, universitetning Reyting tadqiqotlari markazi direktori Ilya Kuftyrev kabi yetakchi mutaxassislar o‘rin oldi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yaxshi 40 ta OTM qatoridan joy olgan (QS EECA) hamda THE reytingidagi eng kuchli 100 universitetdan biri hisoblanadigan ITMO universiteti ilmiy kommunikatsiyalar va jamoat salomatligi sohasidagi ilg‘or tashabbuslari bilan mashhur. “Public Health Sciences” magistratura dasturi sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy yondashuvlarga asoslangan qarorlar qabul qiluvchi mutaxassislarni tayyorlaydi.

Tashrif davomida axborot texnologiyalarini tibbiyotga joriy etish, endokrinologiya yo‘nalishidagi hamkorlik, qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, tibbiyot va kimyo yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘qituvchilarining ITMOda malaka oshirishi, professor-o‘qituvchilarning ma’lum muddat dars berishi, qo‘shma magistratura dasturlariga rahbarlik qilish va ilmiy ishlarni birgalikda himoya qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mehmonlarni institut rektori Shuhrat Teshayev ham qabul qilib, kelgusidagi hamkorlik rejalari, qo‘shma loyihalar va yangi tashabbuslarni batafsil muhokama qildi.

Ushbu tashrif ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.