BuxDTI matbuot xizmati

Italiyaning Kompaniya universiteti rahbariyati Buxoroga keldi

photo_2022-10-21_15-44-13

Italiyaning Kompaniya universiteti rahbariyati Buxoroga keldi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hamda Italiya o‘rtasidaub hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Bu, ayniqsa, bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan turli loyihalarda o‘z aksini topmoqda.

2021 yilning dekabr oyida Buxoro viloyati hokimligi hamda O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi tomonidan Buxoro shahrida Italiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Luiji Vanvitelli nomidagi Kompaniya universitetining filialini tashkil etish bo‘yicha Buxoro viloyati rahbariyati hamda Kompaniya universiteti rahbariyati o‘rtasida filialni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuv memorandumi imzolangan edi.

Buxoro shahrida Kompaniya universiteti filialini ochish bilan bog‘liq imzolangan kelishuvga asosan filialda Kompaniya universitetining o‘quv dasturlari asosida qurilish, arxitektura, kiyimlar dizayni, oliy hamshiralik yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistrlar tayyorlashga kelishilgan.

Kuni kecha yurtimizda bo‘lib turgan Italiyaning Kompaniya universiteti innovatsion texnologiyalar bo‘yicha prorektori Luidji Maffei hamda Xalqaro aloqalar masalalari bo‘yicha prorektori Serdjio Minuchchi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosiga tashrif burdi. Mehmonlarni institutning yangi binosida BuxDTI rektori Shuhrat Teshaev va prorektorlar kutib olishdi.

Italiyalik olimlar institutda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, tibbiy texnikalar, yangi klinika va Simulyatsion markazning imkoniyatlariga yuqori baho berishdi.

Shu yerning o‘zida Kompaniya universiteti bilan hamorlikda tashkil etilgan Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi qo‘shma dasturida tahsil olayotgan talabalar bilan muloqot qilishdi.

Kompaniya universiteti bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda tibbiyot, farmasevtika va turli tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Oldin imzolangan kelishuv memoriandumga ko‘ra kelgusida mazkur universitetning Buxoro viloyatidagi filialni tashkil etish ishlari tez orada boshlanishi ma’lum qilindi.

Filialning ta’lim jarayoniga Kompaniya universitetining malakali professor-o‘qituvchilari jalb etilib, talabalarning Italiyada amaliyot o‘tashiga imkoniyat yaratiladi.

Filial faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgunga qadar Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro davlat tibbiyot universiteti bilan yuqorida ta’kidlangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi.

Tomonlar o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va turli tashkiliy masalalar batafsil muhokama etilib, bu borada ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.

Kompaniya universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasida ikki tomonlama professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishib olindi. Kelgusida Kompaniya universiteti mutaxassislari O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari ilmiy laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, o‘zbekistonlik talabalarga PhD darajasini olish uchun grantlar ajratish, o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun Italiyaga taklif etish hamda ikki tomonlama diplom asosida tahsil olayotgan talabalarning Kompaniya universitetida o‘qishini amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Mehmonlarning Buxoro viloyatiga safari davom etmoqda.