NURONIYLAR — E’ZOZ VA EHTIROMDA
09.10.2026 2026-10-09 9:11NURONIYLAR — E’ZOZ VA EHTIROMDA
O‘zbekistonda har yili oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” sifatida nishonlanadi. Mazkur an’ana Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi 816-sonli qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1-oktabr — Xalqaro keksalar kuni bilan uzviy bog‘liq holda tashkil etiladi.
Shu munosabat bilan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida ko‘p yillar davomida ta’lim va tibbiyot sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan nuroniy professor-o‘qituvchilarni e’zozlashga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda institut rahbariyati, faxriy professor-o‘qituvchilar, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda nuroniy ustozlarning ko‘p yillik samarali mehnati, boy hayotiy va kasbiy tajribasi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida nuroniy ustozlarga chuqur hurmat va ehtirom izhor qilinib, ularning institut hayotidagi munosib o‘rni alohida ta’kidlandi. Yosh avlodga ilm-fan va kasb sirlarini o‘rgatib, ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan ustozlarning ibratli hayot yo‘li yoshlar uchun muhim namuna ekani qayd etildi.
Keksalarni e’zozlash — milliy qadriyatlarimiz va yuksak insoniy fazilatlarimizning yorqin ifodasidir.







Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati