Peshku tumanida aholi uchun kengaytirilgan tibbiy ko‘rik va sayyor qabul o‘tkazildi
10.10.2025 2025-10-11 9:57Peshku tumanida aholi uchun kengaytirilgan tibbiy ko‘rik va sayyor qabul o‘tkazildi
Peshku tumanida aholi uchun kengaytirilgan tibbiy ko‘rik va sayyor qabul o‘tkazildi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshaev tomonidan Peshku tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul davomida mahalla aholisi bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi. Aholining ayrim vakillari o‘zlarini qiziqtirgan tibbiy masalalar, davolanish imkoniyatlari, dori-darmon ta’minoti hamda shifokorlar xizmatidan qoniqish kabi masalalar bilan murojaat qilishdi. Barcha murojaatlarga aniq, asosli va xolis javoblar berildi.


Sayyor qabul doirasida aholining tibbiy ko‘rigi ham tashkil etildi. Bu jarayon Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasi professor-o‘qituvchilari hamda malakali shifokorlar ishtirokida amalga oshirildi.


Kengaytirilgan tibbiy ko‘rik doirasida 20 nafarga yaqin yuqori malakali shifokor va professorlar ishtirok etib, aholining salomatligini chuqur tekshirish, kasalliklarni erta aniqlash va zarur tibbiy maslahatlar berish bilan shug‘ullandilar.

Terapevt, nevropatolog, kardiolog, pediatr kabi yo‘nalishlardagi shifokorlar tomonidan 250 nafarga yaqin mahalla fuqarolari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, bir qator bemorlarga zarur tavsiyalar va davolanish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.

BuxDTI klinikasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, aholi salomatligini muhofaza qilish, profilaktik tadbirlarni kengaytirish va tibbiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida bunday tashabbuslar kelgusida ham davom ettiriladi. Bunday sa’y-harakatlar tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
