Rasmiy munosabat
01.11.2023 2023-11-01 14:44Rasmiy munosabat
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutidagi holatlar haqida «Eltuz» telegram kanalida e’lon qilingan videomaterial haqida institut ma’muriyati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Videomurojaatda ko‘rsatilgan iddaolar ma’muriyat tomonidan ko‘rib chiqildi va bu ma’lumotlarni institut keskin rad etadi.
Jumladan, professor Yelena Xaribova xalqaro bo‘lib boshlig‘i emas, balki Anatomiya kafedrasi dotsenti lavozimida ishlaydi. Bundan tashqari, rektor Shuxrat Teshayevning qarindoshi sifatida ko‘rsatilgan Muhayyo Hamdamova va Baxtiyor Zaripov Buxoro davlat tibbiyot institutida 1993 yildan buyon ishlab kelmoqda. Ularning farzandlari ham o‘z ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan xorijiy til sertifikatiga ega yosh olimlardan hisoblanadi. Dilorom Hamdamova ismli shaxs esa umuman institutda ishlamaydi.
Rektorning qizi Dilbar Teshayeva bakalavriat va magistratura yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli tanlov asosida institutga ishga qabul qilingan hamda ayni paytda 0.5 hissada kafedra o‘qituvchisi lavozimida ishlaydi.
Prorektor Gavhar Jarilkasinovaning boshqa oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirishdagi yo‘l qo‘ygan kamchiliklari haqidagi jumlalar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birga Prezident hamda boshqa nomdor stipendiyalar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi 59-son qaroriga asosan tegishli ko‘rsatkichlarga ega hamda maxsus tanlovda qatnashib g‘olib bo‘lgan talabalarga tayinlanadi. Xabarda ko‘rsatilgan Aziza Junaidova ismli talaba umuman prezident stipendiyasi sohibi emas!
Moliya-iqtisod ishlari prorektori Oybek Sharipovning turmush o‘rtog‘i haqidagi xabar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Videoda surati ko‘rsatilgan Gulnoz Safarovaning prorektorga umuman aloqasi yo‘q. Qolaversa O.Sharipov moliya-iqtisod hamda xo‘jalik ishlariga mas’ul lavozimda ishlaydi. Bu lavozim yo‘riqnomasida ilmiy darajaga ega bo‘lish majburiyati mavjud emas. Sharipov bu lavozimga kuzatuv kengashi tavsiyasi asosida tayinlangan.
Professor Bahodir Safoyevning o‘g‘li Bobur Safoyev ham mazkur institutda bakalavriyat va magistratura bo‘limini muvaffaqiyatli tamomlagan. Ayni paytda esa tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori darajasini olish uchun ilmiy ishi ustida ishlamoqda. Bu ham qonunchilikka zid emas.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelgan Salim Davlatov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2023 yil 10 may kuni k-13/3 sonli institut kuzatuv kengash raisi o‘rinbosari buyrug‘iga ko‘ra o‘z arizasiga asosan bekor qilingan bo‘lib, bunda korrupsion hatti-harakatlar sabab bo‘lmagan. Oradan 2 oy o‘tgandan so‘ng, 2023 yil 13 iyul kuni institut rektorining 4-K/1217 sonli buyrug‘i bilan Salim Sulaymonovich Davlatov ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limiga ishga olingan. S. Davlatovga 2023 yilda videoda ko‘rsatilgan ko‘krak nishoni berilmagan hamda unga to‘langan 85 mln so‘m 2022 yilda yaratilib chop etilgan 11 ta darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar va 7 ta patent hamda elektron dasturlarga olingan guvohnomalar uchun to‘langan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 27 martdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 72-son buyrug‘i asosida davlat oliy ta’lim muassasalariga berilgan imkoniyatlarga muvofiq bo‘lim departamentga aylantirilgan va Nizomi ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari institut professor-o‘qituvchilarining xorijiy safarlarda yurishi haqidagi ma’lumotlar ham aslida boshqacha talqin qilingan. Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti shu kunlarda 50dan ortiq xorijiy tibbiyot muassasalari va xalqaro universitetlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Institutda ikki mingdan ortiq Hindiston, Pokiston, AQSh, Rossiya, Qozog‘iston, Iordaniya, Bangladesh kabi davlatlardan talabalar kelib tahsil olmoqda. Yil davomida iiqtidorli,yosh va xorijiy tillarni mukammal biladigan o‘qituvchilar dunyoning rivojlangan tibbiyot muassasalari va universitetlarida stajirovkalarni o‘tab qaytishadi. Bu amaliyot deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarida mavjud.
Yaqinda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari milliy reytinggida mazkur ta’lim dargohi 4-o‘rinni egallagani ham institutning ilmiy salohiyati hamda xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-son qarorining 3-ilovasida Davlat (aksionerlik) korxonalarining O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 79-moddasida nazarda tutilgan qarindosh-urug‘larning, agar ularning xizmatlari ulardan birining boshqasiga bevosita bo‘ysunishi yoki nazorati ostida bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lsa, birga xizmat qilishlarini cheklash qoidalaridan istisno etilishi mumkin bo‘lgan xodimlari ro‘yxati tasdiqlangan.
Ro‘yxatning 5-6 bandlarida ko‘rsatilgan talablarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash davolash-profilaktika va sanitariya-profilaktika muassasalarining shifokorlari hamda barcha o‘quv va tarbiya muassasalaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar istisno etilgan. Mazkur norma ham institutda mehnatga oid qonunchilikning buzilmaganligini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda, BuxDTI ma’muriyati ommaviiy axborot vositalariga ochiqligini ma’lum qiladi. Birgina so‘nggi bir yil ichida uch marotaba jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.