BuxDTI matbuot xizmati

Rektor bitiruvchi yoshlar bilan muloqot qildi

Rektor bitiruvchi yoshlar bilan muloqot qildi1

Rektor bitiruvchi yoshlar bilan muloqot qildi

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimiz yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va biznes ko‘nikmalari bilan ta’minlash masalalari asosiy kun tartibida bo‘ldi. Yig‘ilishda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar bugunning o‘zidayoq amaliy chora-tadbirlar rejasiga kiritilib, joylarda ijrosi boshlandi.

Shu ruhda, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev institutning bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ta’kidlash joizki, joriy o‘quv yilida institutni 1000 nafardan ortiq bitiruvchi tamomlab, mehnat bozoriga yangi malakali tibbiy kadrlar sifatida kirib kelishadi.

Muloqot chog‘ida rektor, avvalo, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Yosh mutaxassislarning kelgusidagi rejalari, tadbirkorlikka qiziqishi va xususiy amaliyot yo‘nalishidagi tashabbuslari muhokama qilindi.

Shuningdek:

bitiruvchilar tomonidan ilgari surilgan biznes g‘oyalar eshitildi;

tibbiyot sohasida xususiy amaliyot yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi;

tijorat banklari tomonidan ajratilishi mumkin bo‘lgan imtiyozli kreditlar haqida ma’lumotlar berildi;

institut tomonidan yosh mutaxassislarni doimiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.

Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Yoshlar o‘z fikr va takliflarini erkin bildirib, amaliy yordam masalalari yuzasidan bevosita rahbariyat bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu kabi muloqotlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar — yoshlarning bandligini ta’minlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish borasidagi ishlar izchil davom etayotganining amaliy ifodasidir.

Shuningdek, bunday muloqot va uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish, unda ko‘tarilgan masalalarni esa albatta amaliyotga tatbiq etish belgilab olindi.