BuxDTI matbuot xizmati

RXDU delegatsiyasi tashrifi — yangi imkoniyatlar sari muhim qadam

RXDU delegatsiyasi tashrifi — yangi imkoniyatlar sari muhim qadam5

RXDU delegatsiyasi tashrifi — yangi imkoniyatlar sari muhim qadam

Buxoro davlat tibbiyot institutiga Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti tibbiyot instituti rahbariyati va yetakchi professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, mavjud qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Delegatsiya tarkibida stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari, stomatologik kasalliklar propedevtikasi kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Razumova Svetlana Nikolayevna, davolash ishi yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari, umumiy shifokorlik amaliyoti kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Sturov Nikolay Vladimirovich hamda RUDN tibbiyot instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abramov Aleksey Yuryevich ishtirok etdilar.

Tashrif davomida Buxoro davlat tibbiyot instituti va RUDN tibbiyot instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, stomatologiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturini kengaytirish, uning kvotalarini oshirish hamda sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhim yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi.

Institut rektori Shuhrat Teshayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda akademik mobillikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, tomonlar zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarni birgalikda tashkil etish hamda tibbiyot sohasida ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish borasida ham kelishuvlarga erishdilar.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, uni yangi bosqichga olib chiqish hamda qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.