BuxDTI matbuot xizmati Fotogalereya

Senat raisi Tanzila Norboyeva Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi

af8d4cdaad156be3721f0

Senat raisi Tanzila Norboyeva Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi

Bugun Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro  davlat tibbiyot institutiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi tashrif buyurdi. Yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, oliy tibbiy ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

BuxDTI ayni paytda mamlakatimizdagi OTMlar ichida xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Institut ayni paytda 50ga yaqin xalqaro tashkilotlar bilan imzolangan memoriandum va shartnomalar bilan ishlamoqda. Bir nechta xorijiy davlatlardan 2000ga yaqin talabalar kelib tahsil olmoqda.

Nufuzli mehmonlarga institut rektori Shuxrat Teshayev va prorektorlar hamrohlik qildi. Tanzila Norboyeva yaqinda foydalanishga topshirilgan institutning yangi kampusi, u yerda tashkillashtirilgan Simulyatsion markazda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalariga yuqori baho berdi.

Aholini hayotdan rozi qilish, mamlakat taraqqiyati lokomotivi bo‘lgan ta’lim va tibbiyotnini rivojlantirish  bugun barcha darajadagi rahbarlarning asosiy vazifasiga aylangan. Ta’kidlash joizki, bugun yurtimizda sohaga qaratilayotgan bu kabi e’tibor natijasida tibbiy ta’limdagi o‘zgarishlar, xalqaro hamkorlik ham aslida ana shu islohotlar samarasidir. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Buxoro davlat tibbiyot institutida ham Prezidentimiz tashabbusi bilan tibbiyot sohasini zamonaviy fikrlaydigan, chuqur bilimli, mas’uliyatni his etadigan, har jihatdan yetuk kadrlar bilan ta’minlash masalasiga bugun davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xalqaro tajribani o‘rgangan holda, tibbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda. Jahonning nufuzli ta’lim muassasalari bilan kelishuv va shartnomalar tuzilgan bo‘lib, ular bilan faol harakatda ishlar olib borilmoqda. Talaba va professor-o‘ituvchilar doimiy ravishda chet elga malaka oshirish va xizmat safarlariga yuborilmoqda.

Senat raisi T.Norboyeva institut axborot resurs markazi va Simulyatsion markaz faoliyatini o‘rgandi. Bu yerdagi sharoit va imkoniyatlar, raqamlashtirilgan kutubxona bilan tanishdi. Shuningdek, Prezidentimizning uzoqni o‘ylab, tibbiy ta’limni kompleks rivojlantirishga qaratilgan qarorlari va tibbiyot xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda belgilangan vazifalar ijrosi tibbiy ta’lim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirish, tibbiyot oliy o‘quv yurti talabalarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va pirovard natijada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari va ularning sog‘liqni saqlash sohasi rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Chet eldan kelib tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlashdi.

Muloqot chog‘ida Senat raisi faol va iqtidorli talabalarning taklif va fikrlarini tingladi. Jumladan, bugungi kunda Buxoro davlat tibbiyot institutida xorijiy talabalarning soni keskin oshganligi, keyingi o‘quv yilida institutda o‘qishga istak bildirayotgan xorijiy abiturientlarning soni yanada ko‘p bo‘layotganligini inobatga olib, qo‘shimcha o‘quv binolari, klinik baza va talabalar turar joyini institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga barpo etish maqsadida yangi kampus yonidan 7 gektar yer ajratish, xorij tajribasiga asoslangan holda Buxoro davlat tibbiyot institutiga “universitet” maqomini berish kabi dolzarb takliflarni Senat darajasida hal qilishga va’da berdi.

 Muloqot chog‘ida so‘zga chiqqan, Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti Buxoro filiali direktori Aynur Feyze o‘g‘lu 5 yildan buyon Buxoro faoliyat ko‘rsatib kelayotgani va kelgusida ikki davlatning do‘stlik hamjihatlikda hamkorlik qilishiga ishonch bildirdi.

So‘zga chiqqan faol talabalar mutaxassisligi tibbiyot bo‘lmagan boshqa kasb egalariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyorlash, yuqori kurs talabalari biramchi tibbiy bo‘g‘indagi shifokorlar bilan joylarda tibbiy ko‘riklarda qatnashish, volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi kabi jarayonlarga ijobiy baho berdi.