Shuhrat Teshayev – Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.
03.04.2026 2026-04-04 9:55Shuhrat Teshayev – Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.
Shuhrat Teshayev – Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.
Kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishuvi hamda mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan taqdim etilgan takliflar muhokamasini deputat va oliy ta’lim tashkiloti rahbari sifatida kuzatdim. Mazkur jarayonlarda bildirilgan fikr va tavsiyalar yurtimiz taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Yig‘ilishlarda qayd etilganidek, Buxoro viloyati bugungi kunda sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmatlar sohalarida ulkan salohiyatga ega hudud hisoblanadi. Ayniqsa, neft-gaz kimyosi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, agrar sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish orqali hosildorlik va bandlikni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Turizm sohasidagi keng ko‘lamli rejalar esa Buxoroning jahon miqyosidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Yangi turizm obyektlari, mehmonxonalar va infratuzilmalarni barpo etish, millionlab sayyohlarni jalb etish orqali xizmatlar sohasi iqtisodiyotning muhim drayveriga aylanmoqda.
Ayni paytda, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar mamlakatimizda intellektual salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Xususan, milliy tadqiqot universitetlari faoliyatini rivojlantirish, ilmiy klasterlar tashkil etish, ta’lim va ilm-fanni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash kabi yondashuvlar zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayonlarda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalari uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Institut ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va tibbiyot sohasida innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish orqali hudud va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi mumkin.
Shu bilan birga, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish orqali yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularni innovatsion faoliyatga keng jalb etish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur islohotlar o‘zaro uyg‘un holda amalga oshirilishi natijasida Buxoro viloyati iqtisodiy jihatdan barqaror, innovatsion rivojlangan va yuqori intellektual salohiyatga ega hududga aylanadi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar markazida inson manfaatlari, aholi farovonligi va kelajak taraqqiyoti turibdi.