Tibbiy ta’limda yangi ufqlar: Buxoro tibbiyot instituti Ozarbayjon OTMlari bilan shartnoma imzoladi
29.05.2025 2025-05-31 13:43Tibbiy ta’limda yangi ufqlar: Buxoro tibbiyot instituti Ozarbayjon OTMlari bilan shartnoma imzoladi
Tibbiy ta’limda yangi ufqlar: Buxoro tibbiyot instituti Ozarbayjon OTMlari bilan shartnoma imzoladi
Joriy kunlarda Andijon shahrida “Birinchi O‘zbekiston–Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi” o‘z ishini olib bormoqda. Ushbu nufuzli va istiqbolli tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, akademik almashinuvlarni kengaytirish va zamonaviy ilm-fan yo‘nalishlarida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Forum doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari vakillari o‘zaro fikr almashib, zamonaviy ta’lim tendensiyalari, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar yuzasidan muhim kelishuvlarga erishmoqdalar. Tadbir oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur forumda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Shuhrat Teshayev ishtirok etib, soha rivoji, xalqaro integratsiya va ilmiy salohiyatni oshirish masalalari bo‘yicha nutq so‘zladi. U, shuningdek, Ozarbayjonning ikki yetakchi universiteti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.


Uchrashuv davomida Boku davlat universiteti rektori Elchin Babaev universitet tarixi, tibbiyot yo‘nalishidagi ilmiy ishlanmalar, jumladan, ixtisoslashgan Biotibbiy materiallar kafedrasining faoliyati haqida ma’lumot berdi. Buxoro davlat tibbiyot instituti va Boku davlat universiteti o‘rtasida genetika sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tashrif doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik rejalariga kelishib olindi:
Genetik tahlillar, anatomiya va morfologiya kafedralari bilan qo‘shma ilmiy ishlar olib borish;
Ilmiy kengashlarda ikki tomonlama opponent va taqrizchilar tayinlash;
Ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish;
Talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini faollashtirish;
Hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan yozgi maktab dasturlarini tashkil etish;
Tibbiyot oliy ta’lim muassasasi bo‘lmagan universitetlar bilan fundamental fanlar bo‘yicha tajriba almashish, malaka oshirish kurslari va ilmiy loyihalarni rivojlantirish (jumladan, tibbiyot, biotexnologiya, farmatsiya va ekologiya yo‘nalishlarida);
Qo‘shma dissertatsiya himoyalarini yo‘lga qo‘yish va baholash jarayonlariga hamkor OTMlardan professor-o‘qituvchilarni jalb qilish.
Shuningdek, forum doirasida Ozarbayjonning Naxchivan universiteti bilan kelgusida har tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ham shartnoma imzolandi.
Mazkur forum ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirishda yana bir muhim qadamma bo‘ldi. U xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sifatli kadrlar tayyorlash va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.