Xalqaro hamkorlik samarasi: Buxoroda 165 nafar yosh tibbiy ta’lim olishni boshladi
21.09.2026 2026-09-22 15:35Xalqaro hamkorlik samarasi: Buxoroda 165 nafar yosh tibbiy ta’lim olishni boshladi
Xalqaro hamkorlik samarasi: Buxoroda 165 nafar yosh tibbiy ta’lim olishni boshladi
Buxoro davlat tibbiyot institutining Turkiya Respublikasining Sog‘liq bilimlari universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorligi yangi o‘quv yilida ham izchil davom etmoqda.
Joriy qabul natijalariga ko‘ra, mazkur qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 1-kursga jami 165 nafar talaba qabul qilindi.
Xususan:
🔹 «Davolash ishi» yo‘nalishiga — 80 nafar;
🔹 «Stomatologiya» yo‘nalishiga — 48 nafar;
🔹 «Oliy hamshiralik ishi» yo‘nalishiga — 37 nafar talaba tahsil olish huquqini qo‘lga kiritdi.




Ta’kidlash joizki, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik 2019-yildan buyon izchil rivojlanib kelmoqda.
O‘tgan davr mobaynida mazkur hamkorlik doirasida minglab o‘zbekistonlik yoshlar zamonaviy tibbiy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning aksariyati bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining turli bo‘g‘inlarida faoliyat yuritib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Qo‘shma ta’lim dasturlarining muhim jihatlaridan biri — O‘zbekiston va Turkiyaning ilg‘or tibbiy ta’lim tajribasini uyg‘unlashtirishdir. Ta’lim jarayonida ikki davlatning malakali professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda klinik va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Shuningdek, hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot faoliyati, tajriba almashish hamda zamonaviy tibbiy yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish borasida ham izchil ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda Buxoro davlat tibbiyot instituti va Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti hamkorligi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro talablarga javob beradigan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qilayotgan muhim xalqaro ta’lim loyihalaridan biridir.
Yangi o‘quv yilida tahsil olishni boshlayotgan barcha talabalarni ushbu muhim qadam bilan muborakbod etamiz.
Ularga puxta bilim, yuksak natijalar va kelgusida xalq salomatligi yo‘lida munosib xizmat qilishlarida muvaffaqiyat tilaymiz!
