Xitoylik olimlar Buxoroda bepul jarrohlik amaliyotlari o‘tkazmoqda
04.06.2025 2025-06-05 11:53Xitoylik olimlar Buxoroda bepul jarrohlik amaliyotlari o‘tkazmoqda

Xitoylik olimlar Buxoroda bepul jarrohlik amaliyotlari o‘tkazmoqda
Bugungi kunda xalqaro hamkorlik doirasida Buxoro davlat tibbiyot institutida tibbiyot sohasida muhim voqealar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining Sian Jiaotong universiteti 2-filiali hamda Shanxay akademiyasi mutaxassislari Buxoroga tashrif buyurishdi.
Nefrologiya sohasida tan olingan professorlar – Dr. Ronggou Fu, Dr. Chen Zhao, Dr. Xu Jing, Dr. Liu Guo, Dr. Wei Shizhuo hamda Dr. Yu Xiaoyong institutning gematologiya va klinik laborator diagnostika kafedrasida mahorat darslari o‘tkazib, magistrantlar va rezidentlarga o‘z bilim va tajribalarini o‘rtoqlashmoqda.
Shu bilan birga, mehmonlar institut klinikasida nefrologik kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlarga bepul jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishdi. Xususan, doimiy dializ olayotgan bemorlarda fistula qo‘yish operatsiyasi bajarildi. Ultrasonografiya (doppler) yordamida tomirlar baholandi, muammoli joylar aniqlanib, jarrohlik yo‘li bilan sog‘lom tomirlar orasida anastomoz – fistula qo‘yildi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi jarrohlik amaliyotlari – uzoq muddatli dializdan keyin yuzaga keladigan tomir muammolarini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif doirasida Shanxi provinsiyasi Ilm-fan va texnologiyalar vazirligi vakillari, jumladan, Yang Shihong, Zhao Yijun, Zhang Siqi hamda Dr. Zhang Pengbo ishtirokida Buxoro va Xitoy o‘rtasida tibbiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan memorandumlar imzolandi.
Bundan tashqari, mehmonlar institutning “aqlli” issiqxonasi, klinikasi va simulyatsiya markazi faoliyati bilan tanishib, mavjud imkoniyatlarga yuqori baho berishdi.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro davlat tibbiyot instituti 50 dan ortiq nufuzli xalqaro universitet va markazlar bilan hamkorlik qiladi. Joriy yil aprel oyida institut qoshida Xitoy tili markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, talabalar va professor-o‘qituvchilar ushbu tilni o‘rganishni boshlab yuborishgan.