Xotira–muqaddas, qadr–aziz
09.05.2022 2022-05-10 13:04Xotira–muqaddas, qadr–aziz
Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik – taraqqiyot garovidir.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9 mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
Ikkinchi jahon urushi frontlarida Buxoro viloyatidan ketgan 73 ming 688 nafar kishi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi kurashda qatnashgan. Ularning 30 ming nafari jang maydonlarida qolib ketgan. Bu qadimiy yurt farzandlaridan 13 nafari qahramon, bir nafari esa uchala darajali “Shuhrat” ordeniga sazovor bo‘lgan.
Bayram arafasida Prezidentimizning Farmoni asosida viloyatdagi 15 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi qutlanib, ularga bir martalik pul mukofoti, Yurtboshimizning tabrigi va qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xonadonlariga borilib, oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Bayramning asosiy tantanalari bugun, 9 may kuni Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi. Erta tongdan harbiy qo‘shiqlar sadolari barchani Xotira xiyoboni sari chorladi.
Viloyat hokimligi, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari, harbiylar, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar urush qurbonlari xotirasiga chuqur ehtirom ramzi sifatida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.
Muborak nomlari “Xotira kitobi”dagi oltin sahifalarga bitilgan bobolarimiz xotirasi yodga olindi.
— Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan yuz minglab yurtdoshlarimizning nomi ham, jasorati ham hech qachon unutilmaydi, — deydi Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi Samoyiddin Husenov. — Shuning uchun ularning nomi mana shu maydondagi “Xotira kitobi”ga zarhal harflar bilan mangu muhrlangan. Majmuaga kelgan har bir vatandoshimiz uni varaqlaydi, unda bitilgan ismlarni o‘qib turib, jasorat, matonat hech qachon unutilmasligini, yuksak qadrlanishini dildan his qiladi.
Darhaqiqat, Xotira va Qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsad – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero, xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.