Yaponiya delegatsiyasi Buxoro davlat tibbiyot institutida
09.02.2026 2026-02-09 15:10Yaponiya delegatsiyasi Buxoro davlat tibbiyot institutida
Yaponiyaning Yakuzemi Information Education Center konsalting kompaniyasi mutaxassislari — Ishii Kiyoshi, Furukawa Masakazu, Gogami Masayuki hamda Islamova Barno Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.



Tashrif davomida reabilitologiya yo‘nalishini rivojlantirish, shuningdek JICA bilan hamkorlikda olib kelingan zamonaviy tibbiy uskunalarning afzalliklari, ularni ta’lim va amaliyot jarayonida samarali qo‘llash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mehmonlarni institut rektori Shuhrat Teshayev hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Laziz Niyazov kutib oldi. Uchrashuv chog‘ida kelgusida amalga oshiriladigan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalar va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.




Delegatsiya tashrif doirasida institut muzeyi, klinikasi, simulyatsion markazi hamda “smart” issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy infratuzilma, simulyatsion ta’lim imkoniyatlari va o‘quv jarayonining amaliyot bilan uzviy uyg‘unligi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yaponiya delegatsiyasi institutda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim va amaliy jarayonlarga yuqori baho berib, Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi.



