Yoshlar bilan uchrashuv: “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy tadbir o‘tkazildi
15.04.2026 2026-04-16 16:07Yoshlar bilan uchrashuv: “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy tadbir o‘tkazildi
Yoshlar bilan uchrashuv: “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy tadbir o‘tkazildi
Bugun Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida talabalar ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Buxoro viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Qalandarov, institut rektori Shuxrat Teshayev, diniy idora vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.



Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi globallashuv davrida dunyo miqyosida kuchayib borayotgan turli yot g‘oyalar, diniy ekstremizm va radikal oqimlarning yoshlar ongiga salbiy ta’siri haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar va buzg‘unchi chaqiriqlarga nisbatan ogohlikni oshirish, yoshlarning mustahkam hayotiy pozitsiyasini shakllantirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlarni bunday tahdidlarga qarshi turishda eng samarali vosita — bu ma’rifat, bilim va tanqidiy fikrlash ekanligi qayd etildi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, bag‘rikenglik, diniy savodxonlik va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish mumkinligi haqida fikrlar bildirildi.


Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan javoblar yoshlarda mustaqil fikrlash, to‘g‘ri xulosa chiqarish va turli axborotlarga tanqidiy yondashish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida yoshlarni Vatanga sadoqat, tinchlik va barqarorlikni asrash, sog‘lom dunyoqarash va mustahkam ma’naviy immunitet bilan yashashga chaqiriqlar yangradi.

