BuxDTI matbuot xizmati

Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning betakror boyligi yoxud xalqimiz salomatligi yo‘lida kamarbastamiz !

Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning betakror boyligi yoxud xalqimiz salomatligi yo‘lida kamarbastamiz 1

Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning betakror boyligi yoxud xalqimiz salomatligi yo‘lida kamarbastamiz !

Hech qachon unutmang, siz inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan Yangi O‘zbekiston hamda Uchinchi Renessans bunyodkorlarisiz!      Shavkat MIRZIYOYEV

Yurtimiz rahbari tomonidan 2024 yilning – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizdagi har bir fuqaro ayniqsa, yoshlarni cheksiz quvonchga to‘lishi va ertangi kuniga ishonchini yanada oshirmoqda. Bugun dunyoning turli mintaqasidagi yoshlari aynan O‘zbekiston yoshlariga havas bilan yashayapti. Bunga sabab, turli mintaqalarda kechayotgan iqtisodiy inqiroz, dahshatli urush tahdidlari davrida O‘zbekiston yoshlari – barqaror tinchligi ta’minlangan, istasa barcha istaklarini ro‘yobga chiqarishga makon bo‘lgan qolaversa, “Bolam sen intil, men qo‘llayman”, “Seni yuksalishing uchun nima qilib beray?”, deb turgan takrori yo‘q davlatning baxtiyor farzandi ular.

Islohotlar yoshlarga qanot…

So‘ngi yillarda yurtimizda yoshlar masalasi – amaliy jihatdan davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Buning yorqin misolini Muhtaram Shavkat Mirziyoev imzolagan Qonun ya’ni, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi, Bosh Qomus – Konstitutsiyada 2023 yil 30 apreldagi referendum asosida yoshlar masalalari bo‘yicha alohida bo‘lim va moddalar kiritilgani hamda mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini belgilaydigan va aniq maqsadlar bilan harakatlantirayotgan yuzlab Farmon, Qaror, me’yoriy asoslar yaratilmoqda. O‘tgan yetti yildagi islohotlar natijasida jonajon vatanimiz yoshlariga yaratib berilgan imkoniyat va sharoitlardan oqilona foydalanish natijasida yangicha fikrlaydigan, bir so‘z bilan aytganda, “Mana men Yangi O‘zbekistonni barpo etaman”, “Yurtimni har jihatdan yuksalishiga, dunyo bilan bo‘ylanishiga bor kuchimni safarbar etaman”, degan yoshlar kontingenti shakllandi.

Bugun yoshlarga ochilgan eshiklar tufayli barcha sohalarda ayniqsa, oliy ta’lim tizimidagi talabalar dunyoning turli mintaqasidagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirmoqda. O‘z ixtirolarini amalga oshirib dunyoga ibrat bo‘lmoqda va uchtadan o‘ntagacha xorijiy tillarda erkin gapiryapti. So‘ngi olti-yetti yilda yosh vazir o‘rinbosari, yosh hokim, yosh tadbirkor, yosh lider va yangi ko‘p ishlatadigan atama kirib keldi. Yoshlarning orzu intilishlariga, muammolariga yechim topadigan yangicha ishlash mexanizmlar – “Yoshlar ishlari agentligi”, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi”, “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyati har bir yoshga yangi hayot baxsh etmoqda.

Bugun davlat Rahbarining dunyoda betakror institut – mahallalarda 9 ming 500 nafar hokim yordamchilari va ayniqsa, yoshlar yetakchisining o‘rni beqiyos bo‘lib, ular tomonidan mahalla aholisi va yoshlarini muammolari eshitilmoqda. Ushbu yangi tizim asosida 10 milliondan ziyod yigit-qizlarini qamrab olgan “Yoshlar balansi” shakllantirilishi yoki hozirga qadar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ming-minglab yigit-qizlarning muammolarini hal etildi. Birgina o‘tgan 2023 yilda amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni – davlatning alohida e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Va natijasida, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga qitilishi jamoatimizda har bir yosh davlat himoyasida, qo‘llab-quvvatlovida ekaniga yorqin misol bo‘ldi. O‘tgan yilning o‘zida “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetganini hamda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatilgani va buning natijasida talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘langani, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berilgani hamda ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratilganini o‘zi millonlab yoshlarning jamiyatimizdagi ijtimoiy muammolarini yoniga borib yechishga zamin bo‘ldi.

Oliy ta’lim va yoshlar…

Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari va sayi-harakatlari natijasida barcha sohalar singari oliy ta’lim sohasida keng islohotlar amalga oshirilib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi va sifatli ta’lim olish darajasi bir necha karraga oshdi. O‘tgan yetti yilda yoshlarni oliy ta’limga jalb qilish darajasi 9 foizdan 40 foizgacha ko‘tarildi. Shu bilan birga, yoshlarni talabalikka qabul qilish va ularga sifatli ta’lim berishda ham mutlaqo yangi qulayliklar yaratildi. Jumladan, qachonlardir “1-avgust” kuni minglab yoshlarni bir kunda, bir vaqtda test sinovlariga jalb qilish, abiturient va uning ortidan kelgan ota-ona, yaqinlarining ko‘plab qiyinchilik, noqulayliklari bartaraf etildi. Buning muqobili “Inson qadri” g‘oyasi ostida 1 avgustdan 20 avgustga qadar kunning ikki qismida maxsus qulayliklarga ega, yozda salqin, shinam bino va hududlarda test sinovlari o‘tkazilmoqda. Va kuzatuvchi ota-onalar, yaqinlari uchun ham soya- salqin joylarda o‘rindiqlar, o‘z farzandini test sinovi o‘tadigan joydagi holatini katta ekranlar orqali onlayn tarzda ko‘rib turish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, zamonaviy binolar, o‘quv auditoriyalari, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun qulay va imkoniyati keng bino-inshootlar qurib foydalanishga topshirildi(moqda). Talabalar kontrakt to‘lovlarini to‘lashidagi ijtimoiy muammolari bo‘yicha ham bir qator qulayliklar yaratildi. Bunga misol tariqasida, imtiyozli subsidiyalar ajratilishi va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan to‘lanmoqda. Umuman olganda, bugungi O‘zbekiston yoshlarining sifatli ta’lim olishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun 30 dan ortiq ko‘rinishdagi imtiyoz va qulay xizmat tizimi amal qilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, yoshlarni sifatli ta’lim olishi va o‘z iqtidorini yuzaga chiqarishi uchun davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar tufayli bugun yoshlarning natijalari yurtimizda va jahonda son-sanog‘i cheksiz. Bu yutuqlarni birgina Buxoro davlat tibbiyot instituti jamoasi, yoshlari misolida ham keltirish mumkin.

Avvalo viloyatimiz markazida yangidan qurib foydalanishga topshirilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining zamonaviy kampusida yaratilgan shart-sharoitlar, auditoriyalar, maxsus o‘quv xonalari, laboratoriyalar, simulyatsiya markazi, axborot-resurs markazi faoliyati hamda talabalar turar joyida yaratilgan shart-sharoit havas qilarli darajada.

Oliygoh ayni paytda mamlakatimizdagi oliy ta’lim dargohlari ichida xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Institut ayni paytda 50 ga yaqin xalqaro tashkilot bilan imzolangan memorandum va shartnomalar bilan ishlamoqda.

Ilgari ushbu ta’lim maskani o‘tgan asrning 50-60-yillarida qurilgan binolarda va tarqoq joylashgan edi. O‘zining klinikasi ham yo‘q edi. Investitsiya dasturi doirasida shahar chekkasida institut uchun yangi majmua qurilib, joriy yil may oyida foydalanishga topshirildi.

Majmua 900 o‘rinli o‘quv binosi, 200 o‘rinli klinika, simulyatsiya o‘quv markazi, vivariy, sport zali, 1 ming 200 o‘rinli talabalar yotoqxonalari, oshxonani o‘z ichiga olgan hamda jahon standartlaridagidek yaxlit joylashgan. Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti filiali ham tashkil etilgan.

Bugungi kunda institutda davolash, pediatriya, stomatologiya, oliy hamshiralik ishi, tibbiy pedagogika, tibbiy profilaktika, tibbiy biologiya, xalq tabobati, farmatsiya kabi 9 ta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ularga 568 nafar professor-o‘qituvchilar saboq berayotir.

—Bu Yangi O‘zbekistonga munosib oliygoh bo‘ldi. Endi u ilmi bilan xalqimizga xizmat qilishi kerak. Yurtimizda Tibbiyot akademiyasi, ixtisoslashgan ilmiy markazlar, hududlarda institutlar bor. Bu ilmiy salohiyat qanday qilib xalqqa yetib boradi? Buning uchun ularni hududlarga biriktirish, sog‘lom tibbiy-ijtimoiy muhit yaratish kerak. Mas’ul mahallasida kasalliklar kamayishiga qarab, mutaxassislarga ustama berish mumkin. Obrazli aytganda, profilaktika nuqtai nazaridan 36 million aholi ustida “soyabon bo‘lish” kerak,— dedi 2023 yil 11 avgust kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi bilan yaqindan tanishgan Prezident Shavkat Mirziyoev.

 Shu yerda davlatimiz rahbari oliy ta’lim dargohi ilmiy faoliyatini kuchaytirish, shuningdek, aholi salomatligi muhofazasi yo‘lida mahallalarda fitobarlar tashkil qilish, shifobaxsh giyohlar afzalligini targ‘ib etish, Buxoroda farmsanoat klasteri tuzish muhimligini ta’kidlagan edi.

Qolaversa, Buxoro davlat tibbiyot instituti 2023 yil yakunida respublikadagi 50 dan oshiq oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan intellektual olimpiadaning umumjamoa hisobidagi yakuniy reytingida 4-o‘rinni egallagani ham yosh mutaxassislarimiz salohiyatidan dalolatdir.

Xulosa o‘rnida keltirish o‘rinliki, bugungi kun yoshlari baxtiyorligi tufayli ertangi kuniga to‘liq ishongan, har ishda ilg‘or, tashabbuskor va intiluvchandir.

Mana shunday yuksalishlar yangi O‘zbekistonga doim yarashadi. Har bir soha ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarining mutasaddilari yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda – jonajon yurtimizni har qarichini asrab avaylash, tinchlik degan oliy ne’matni qadriga yetish, yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga shukrona qilish, “Vatanim yuksalishi, taraqqiyoti yo‘lida bor kuchimni safarbar etaman” degan ulug‘vor maqsadlar bilan yashovchi, malakali, raqobatbardosh, ma’naviy immunitetga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashni har qachongidan ustuvor vazifa qilib olganmiz. Va albatta, yoshlar bilan ishlashda maqsadli, samarali va natijador ishlarni davom ettiramiz.

Shuhrat TEShAEV,

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor