BuxDTI matbuot xizmati

Yuksak bilim, yorqin istiqbol sari yo‘l: litsey bitiruvchilariga diplom topshirildi

Yuksak bilim, yorqin istiqbol sari yo‘l litsey bitiruvchilariga diplom topshirildi6

Yuksak bilim, yorqin istiqbol sari yo‘l: litsey bitiruvchilariga diplom topshirildi

Bugun Buxoro shahridagi Yoshlar markazida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti huzuridagi akademik litseyning 2024/2025 o‘quv yili bitiruvchilari uchun tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Litseyning 2-kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 241 nafar bitiruvchi ushbu quvonchli va hayajonli onlarga guvoh bo‘ldi.

Tadbirda institut rektori, professor Shuhrat Teshayev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Azamat Naimov, Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Hafiza Artikova ishtirok etib, bitiruvchilarni tabrikladilar va ularga kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladilar.

Bu yilgi bitiruvchilarning 220 nafari milliy va xalqaro fanlar bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Ularning 25 nafari esa 4–5 tadan sertifikat olib, muddati tugamasidan turib oliy ta’lim muassasalariga talabalikka sazovor bo‘ldilar. 10 nafar iqtidorli o‘quvchi litseyning “Iftixori” stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

Shuningdek, marosim davomida:

5 nafar bitiruvchiga “Oltin medal”,

1 nafariga “Kumush medal”,

84 nafariga esa imtiyozli diplomlar topshirildi.

Litseyning bugungi bitiruvchilari o‘z bilim va salohiyatlari bilan nafaqat yurtimizdagi, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinishmoqda. Ular qatorida:

Angliyaning University College London, Imperial College London,

AQShning Arizona State University, California Institute of Technology, Boston University, Colorado University,

Rossiyaning Pirogov instituti va Qozon davlat universiteti,

Koreya Milliy universiteti hamda Inha universiteti,

Singapur Milliy universiteti va Singapur Iqtisodiyot universiteti kabi yetakchi oliygohlar bor.

Aksariyat bitiruvchilar esa Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida o‘qishni davom ettirishni maqsad qilgan.

Marosimda alohida quvonchli lahzalar bo‘ldi. Litsеy direktori Ra’no Ismatova o‘z farzandlaridek mehr qo‘ygan, yillar davomida tarbiyalab voyaga yetkazgan shogirdlarini ko‘zda quvonch yoshi bilan mustaqil hayot sari kuzatar ekan, ularning yutuqlaridan faxrlanayotganini yashira olmadi.

Bu quvonchli va esda qolarli daqiqalar har bir bitiruvchi hayotida unutilmas iz qoldirdi. Ularning bugungi yutuqlari, shubhasiz, ertangi buyuk marralarga boshlovchi poydevor bo‘lib xizmat qiladi.