BuxDTI matbuot xizmati

Zamonaviy kampusning imkoniyatlari kengaymoqda

40237f7422e58711ec7ed

Zamonaviy kampusning imkoniyatlari kengaymoqda

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990 yilda tashkil etilgan. Shundan buyon u moslashtirilgan binolarda faoliyat yuritib kelmoqda. Bu dalilning o‘ziyoq oliy ta’lim dargohining zamonaviy inshootga ehtiyoji kattaligidan darak berardi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi munosabati bilan aynan shu masala yechimi sari muhim qadam tashlangan. Institut uchun butun boshli tibbiyot kampusi quriladigan bo‘lib, maxsus loyihalar ishlab chiqilgan. Tanlangan joyning viloyatdagi qator tibbiyot shifoxonalari bilan yaqin masofada ekanligi bunda talabalarning nazariyot va amaliyotni uyg‘un holda olib borishlariga qo‘l keladi.

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga muvofiq loyihalashtirilgan yirik inshoot qurilishi bugunga kelib poyoniga yetmoqda. Kampus to‘rt qavatli shinam yotoqxona, olti qavatli o‘quv binolari, simulyatsiya markazi, poliklinika, sport zali, bir paytning o‘zida 500 mijozga xizmat ko‘rsatadigan oshxona va boshqa inshootlardan iborat. Birgina simulyatsiya markazi qurilishi uchun 11 milliard so‘m sarflangan. U zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Tibbiyot kompusini yaqin oylar oralig‘ida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instiutining yangi kampusi uchun Buxoro shahrining G‘ijduvon ko‘chasida, “Moxi Xossa” MFY dan hududi 10,5 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, shundan 4,3 gektarida uch yildirki, loyihalashtirilgan inshootlar talab darajasida barpo qilinib, zarur inventarlar bilan jihozlantirilmoqda.

Zamonaviy hamda muhtasham ko‘rinishga ega mazkur kampus respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot qurilish” injinering kompaniyasi buyurtmasi asosida bunyod qilingan bo‘lib, bu jarayonda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Buxoro qurilish” korxonasi loyihachi, viloyatda ko‘plab yirik qurilishlarda jonbozlik ko‘rsatgan “47-sonli Xo‘jaliklararo Ko‘chma Mexanizatsiyalashtirilgan Kolonna” jamoasi esa pudratchi sanaladi. Mazkur keng qamrovli loyihaga investitsiya mablag‘lari hisobidan qiymati 219 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu sarmoya evaziga institut hududida 12 ta ko‘p qavatli inshoot qad rostlagan.

Jumladan, 900 o‘rinli keng va yorug‘ o‘quv binosi, xuddi shunday, 200 o‘rinli klinika korpusi hamda simulyatsion o‘quv klinik markazi, shuningdek, 1 ming 200 o‘rinli 3 ta talabalar turar joyi, ular uchun standart talabidagi sport zali binosi, qolaversa, 300 o‘rinli talabalar oshxonasi hamda birta vivariy binosidan iborat kompleks barpo etilgani yaxlit majmuani tashkil etmoqda.

O‘z tarkibida kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, transplantologiya, EKO markazi, travmatologiya, nevrologiya, lor va umumiy xirurgiya kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olishi kutilayotgan klinikani tibbiy jihozlash maqsadida oliygoh budjetidan tashqari mablag‘i hisobidan 50 milliard so‘m sarmoya ajratilgani tor doiradagi mutaxassislarning faoliyati samaradorligi uchun muhim ahamiyatga ega, albatta,–deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Teshayev Shuhrat Jumayevich.–Bundan tashqari, zarur hollarda oliy ta’lim dargohida boradigan nazariy va amaliy tahsil jarayoni uchun institut budjetidan tashqari mablag‘i hisobidan 1 milliard 100 million so‘m sarmoya ajratilib, buning evaziga zamonaviy quyosh pannellari keltirib o‘rnatilgani yana bir imkoniyat degani.

Ayni kunda oliy ta’lim dargohida davolash ishi, stomatologiya, pediatriya, tibbiy pedagogika va oliy hamshiralik, tibbiy profilaktika, tibbiy biologiya va xalq tabobati, farmatsiya yo‘nalishi, xalqaro fakultet, Turkiya tibbiyot fakultetlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, kelgusida mazkur mutaxassisliklar bo‘yicha mahalliy va xorijiy talabalar qabul kvotalari soni muntazam oshirib borilishi ham bu muhtasham kompusda yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar, qolaversa, joriy qilinayotgan xalqaro ta’lim andozalari tufaylidir. Birgina dunyoda yetakchi xorijiy universitetlardan biri Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universitetining Turkiya tibbiyot fakultetida bugungi kunda 480 nafar talaba tahsil olayotgani ham bu fikrimiz dalili.

Ayni kunda Buxoro davlat tibbiyot institutida yuqorida aytilgan 8 ta fakultet va ulardagi jami 42 ta kafedra, 12 ta bakalavriat va 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq xo‘jaligining tibbiyot sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat yo‘nalishida va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi ko‘zda tutilgan.

Shu o‘rinda Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida joriy o‘quv yilida jami 7 ming 200 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 900 nafarini chet ellik talabalar tashkil etmoqda. Kelgusida bu borada ham o‘sish kutilmoqda. Chunonchi, 2024 yilda institut talabalari sonini 10 ming nafarga, shundan xorijiy talaba sonini 2500 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yaqin uch yilda, ya’ni 2026 yilga borib oliy ta’lim dargohida ta’lim oladigan yosh iste’dod egalari sonini 15 ming nafarga, shundan chet ellik talaba sonini esa 5 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, 2021 yilda mazkur institutda Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan kelgan 600 nafar yosh iste’dod sohibi, bo‘lg‘usi tibbiyotchi–shifokor tahsil olayotgan bo‘lsa, har yili bosqichma-bosqich bu ko‘rsatkich oshib bormoqda. Xalqaro ta’lim aloqalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlardan biri Hindiston respublikasidagi xalqaro Noida universiteti bazasida Buxoro davlat tibbiyot institutining filiali ochilgani tufayli institutning chet ellik talabalari soni ham ortmoqda.

Shu o‘rinda, qayd etish joizki, 2026 yilga borib institut budjetiga xorijiy talabalarning ta’lim shartnomalaridan tushadigan mablag‘ miqdori yiliga 20 million AQSh dollariga yetkaziladi. Ayni kunda AQSh, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya Federatsiyasi, Iordaniya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan o‘zaro ilmiy–amaliy o‘quv dasturlari doirasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish barobarida o‘zbekistonlik, xususan, buxorolik bo‘lg‘usi shifokorlarning mazkur mamlakatlarda tahsil olishi, doktorantura va boshqa bosqichlarda ilmiy izlanishlarini tashkillashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Tibbiyotda nanotexnologiya, raqamli tibbiyot, biologiya: bioinjiniring texnologiyalari, biokimyo (tibbiyotdagi genetika) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish sa’y–harakati boshlangan.  

Kezi kelganda, ta’kidlash joizki, Buxoro davlat tibbiyot instituti yangi kampusining zamonaviy barpo qilingan bino va inshootlarida mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamkorligida 2023-2026 yillar davomida 15 mingdan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilmoqda. Bu degani, endilikda o‘nlab, balki yuzlab dardmand fuqarolarning shaharlararo qatnab, ham vaqtlari, ham naqd mablag‘larini sarflab, ortiqcha ovora bo‘lishlarining oldi olinadi. Shuning barobarida, albatta, hozirda oliygohda 500 ga yaqin pedagog–mutaxassis mehnat faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa, endilikda ular safi kengayishi barobarida kadrlar salohiyatiga e’tibor kuchaytiriladi. Ularni saralash va o‘z o‘rniga qo‘yishda alohida xolis va adolatli tamoyillar qo‘llaniladi.

Xulosa qilib aytganda, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti kampusi yurtimizda puxta bilim va yetuk salohiyatga ega tibbiyot mutaxassislari–Ibn Sino dahosining haqiqiy vorislarini yetishtirib chiqarish barobarida aholining sifatli va tezkor tibbiy xizmatga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini qondirishda dolzarb ahamiyatga ega yirik majmuaga aylantiriladi.