How may we help you?

Rossiya Federatsiyasining Kursk shahrida joylashgan “Sviridovskiy” konsert zalida Kursk davlat tibbiyot universiteti bitiruvchilari uchun tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosim nafaqat oliy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar, balki ularning yaqinlari uchun ham unutilmas kun bo‘ldi.

Marosimda dunyoning 15 mamlakatidan tashrif buyurgan bitiruvchilarning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar hamda bir qator faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Ayniqsa, Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari uchun bu kun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Farmatsiya yo‘nalishida tahsil olgan hamyurtlarimiz diplomlarini tantanali ravishda qabul qilib, hayotlarida yangi bosqichga qadam qo‘yishdi.

Bugungi kunda Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro hamkorlik yo‘nalishini izchil ravishda rivojlantirib kelmoqda. Institut 20 dan ziyod nufuzli xalqaro universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu esa talabalarga bir vaqtning o‘zida ikki oliy ta’lim muassasasida bilim olib, qo‘shaloq diplomga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.

Ayni paytda bunday imkoniyatdan samarali foydalanayotgan, bilim va malakasini yuksak talablar asosida shakllantirayotgan yoshlarimiz soni ortib bormoqda. Marosimda Buxoro davlat tibbiyot institutining professor-o‘qituvchilari Obid Qurbonov va Dilshod Xudoyberdiyev ham ishtirok etishdi. Ular bitiruvchilarni qutlab, dilidan chiqqan samimiy tilaklarini bildirdi hamda yosh mutaxassislarga kelgusidagi faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladilar.

“Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida Yoshlar kuni va 2024–2025 o‘quv yili yakuni munosabati bilan bayramona tadbir tashkil etildi.

Tadbirda institut rektori, professor Shuhrat Teshayev o‘quv yili davomida namunali xulqi, a’lo o‘zlashtirishi, jamoat ishlaridagi faolligi, shuningdek, turli nomdor stipendiyalar sohibi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni tabriklab, 150 nafar talabani faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.

Yana bir muhim jihat shundaki, ushbu talabalarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarning fidoyiligi alohida e’tirof etilib, ularga ham institut nomidan tashakkurnomalar topshirildi.

Shuningdek, tadbir davomida institut faoliyatida samarali mehnat qilayotgan, o‘z kasb vazifasini vijdonan bajarayotgan ishchi-xodimlar institut kasaba uyushma qo‘mitasi va rektorat tomonidan rag‘batlantirilib, ularga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Bayram tadbiri doirasida talaba yoshlar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari va ijtimoiy-ijodiy namoyishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

➡️ Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan bu kabi tadbirlar yoshlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Institut rektori Shuhrat Teshayev o’z ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan olimlarga O’zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya kommisiyasi tomonidan taqdim qilingan diplomlarni topshirmoqda.
Institutning ikki nafar xodimi – Dilnoza Hasanova hamda Salim Davlatov OAK tomonidan “professor” diplomi bilan taqdirlandi.

24-25 iyun kunlari Xitoyning Landier Biotechnology LTD kompaniyasi rahbari Yao Bo, mutaxassislar Guo Zicheng va Xu Yonyon Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida mehmonlar institut rektori Shuhrat Teshayev hamrohligida institutda tashkil etilgan smart issiqxona, Axborot-resurs markazi hamda Xalq tabobati markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, tibbiy va kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish masalalarini muhokama qilishdi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida tibbiyot va tibbiy ta’lim sohasida tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Institut professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda Xitoy Xalq Respublikasining yurtimiz bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari muhokama qilindi.

Bunday tashrif va muloqotlar, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi ilm-fan, tibbiyot va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, institut Xitoyning qator nufuzli oliygohlari bilan uzviy aloqalar o‘rnatgan. Jumladan, joriy hafta institut rektori xizmat safari bilan Xitoyda bo‘lib, Kunming Medical University va Yunnan xalq tabobati universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzoladi.

Buxoro davlat tibbiyot institutida oʻquv seminari tashkil etildi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida “Korrupsiyadan holi muhitni yaratish” mavzusida oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi — ta’lim muassasasida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iboratdir.
Tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning quyidagi soʻzlari alohida taʼkidlab oʻtildi:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoni hech qachon aniq muddat bilan cheklanmaydi. Ushbu masalada faqat davlatning sa’y-harakatlari bilan kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi. Bu – butun jamiyatimizning ishi.”
Seminarda Prezident rahbarligidagi Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy kengash yigʻilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatilgan vazifalar muhokama qilindi. Jumladan, 2025-yil 26-martda qabul qilingan 01-23-93-sonli “Yoʻl xaritasi” ijrosi doirasida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish, “Korrupsiyadan holi muhit”ni yaratishga qaratilgan tizimli tadbirlarni samarali amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilariga:

  • korrupsiya tushunchasi va uning oqibatlari,
  • korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish,
  • fuqarolarning bu boradagi masʼuliyati,
  • korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat va jamiyat darajasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumotlar berildi.
    Korrupsiyaga yoʻl qoʻygan shaxslar nafaqat jinoiy javobgarlikka tortilayotgani, balki davlat rahbarining qatʼiy siyosati va siyosiy irodasi bilan bu illatga qarshi keskin kurash olib borilayotgani qayd etildi.

Tadbir yakunida institutda “Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning burchimiz” degan tamoyilni hayotga izchil tatbiq etish, bu sohada har bir fuqaro oʻz hissasini qoʻshishi zarurligi taʼkidlab oʻtildi.