Kafedra tarixi

Kafedra tarixi

1993-1995 yillarda kafedrani O`zbekiston Respublikasida  xizmat ko`rsatgan fan arbobi  professor, otorinolaringologiya, bosh va bo`yin jarrohligi xalqaro akademiyasining akademigi, Buxoro Davlat tibbiyot instituti rektoriAkram  Ibragimovich Mo`minov boshqargan.

1990 yilda  sobiq Sovet Ittifoqi ministrlar sovetining qaroriga asosan buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino  Vatani- Buxoro shahrida tibbiyot instituti tashkil etish to`g`risidagi qarori e`lon qilindi. A.I.Mo`minovga institutga  rahbarlik qilishdek mas`uliyatli vazifa  topshirildi va shu institut rektori etib tayinlandi. O`tgan qisqa vaqt ichida A.I.Mo`minov rahbarligi ostida Buxoro Davlat Tibbiyot instituti  Respublikamizdagi ko`zga ko`ringan oliy o`quv yurtlari qatoridan o`rin oldi. 1993 yil  avgust oyida  O`zbekiston Respublikasida  xizmat ko`rsatgan fan arbobi  professor, otorinolaringologiya, bosh va bo`yin jarrohligi xalqaro akademiyasining akademigi, Buxoro Davlat tibbiyot instituti rektori Akram  Ibrogimovich Mo`minov rahbarligida otorinolaringologiya kafedrasi o`z faoliyatini boshladi va Akram  Ibragimovich Mo`minov kafedra mudiri etib tayinlandi. Kafedra 1993 yil Buxoro viloyat kasalxonasi (hozirda Buxoro viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazi) klinik bazasi tarkibida tashkil qilindi. Akram Ibragimovich Mo`minov 1960 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugatib, Samarqand tibbiyot instituti LOR kasalliklari kafedrasiga klinik ordinator sifatida qabul qilindi. 1962-1965 yillarda Moskva shahridagi vrachlar malakasini oshirish instituti aspiranti bo`ldi. 1965 yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U 1965-1970 yillarda Samarqand tibbiyot instituti LOR kasalliklari kafedrasi assistenti va dotsenti, 1970-1975 yillarda Toshkent Davlat tibbiyot instituti LOR kasalliklari kafedrasi dotsenti va professori lavozimlarida faoliyat ko`rsatdi. A.I.Mo`minov 1972 yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1975-1990 yillarda o`zining tashabbusi bilan tashkil qilingan Toshkent Davlat tibbiyot institutining birinchi davolash va sanitariya-gigiyena fakultetlari LOR kasalliklari kafedrasi mudiri bo`lib ishladi. Shu yillarda A.I.Mo`minov Toshkent Davlat tibbiyot institutida internatura va ishlab chiqarish amaliyoti dekani, birinchi davolash fakulteti dekani, o`quv ishlari prorektori lavozimlarida faoliyat ko`rsatdi. 1990 yilda Buxoroda tibbiyot instituti tashkil etilganligi munosabati bilan u shu institut rektori va LOR kasalliklari kafedrasi mudiri etib tayinlandi. A.I.Mo`minov 1995-2000 yilgacha Samarqand Davlat tibbiyot instituti rektori etib tayinlandi. 1995-2001yillarda SamMI huzuridagi vrachlar malakasini oshirish fakulteti LOR kasalliklari kafedrasini boshqardi. 2001 yildan hayotining so`nggi kunlarigacha II Toshkent Davlat tibbiyot institut LOR kasalliklari kafedrasida professor konsultant lavozimida faoliyat ko`rsatdi. A.I.Mo`minov 350 dan ortiq ilmiy maqola va 5 ta monografiya muallifidir. U kishi tomonidan 1996 yilda o`zbek tilida tibbiyot instituti talabalari uchun Otorinolaringologiya fani darsligi yaratildi. U kishining rahbarligi ostida 7 ta doktorlik va 30 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. A.I.Mo`minov tashabbusiga asosan 1980 yilda Respublikada birinchi “Eshitish va nutq reabilitatsiyasi markazi” tashkil etildi.  A.I.Mo`minov ilmiy-pedogogik, davolash va ma`muriyat ishlari bilan bir qatorda ko`p qirrali jamoat ishlarini ham olib borgan. U kishi “Вестник оториноларингологии”, “Медицинский журнал Узбекистана”, “Российская ринология” jurnallari muharririyat kengashi a`zosi, O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligida kollegiya a`zosi va otorinolaringologiya bo`yicha monotematik komissiya a`zosi vazifalarida faoliyat ko`rsatgan. 1980 yilda u kishiga “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan fan arbobi” sharafli unvoni berilgan.

1995-2012 va 2014-2018 yillarda kafedrani tibbiyot fanlari nomzodi, professor Vohidov Nuriddin Hikmatovich boshqargan.

1995-2012 va 2014-2018 yillarda  Buxoro Davlat tibbiyot instituti “LOR, stomatologiya va onkologiya”  kafedrasi mudiri etib tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Vohidov Nuriddin Hikmatovich tayinlandi. U 1975 yilda Samarqand  tibbiyot institutining pediatriya fakultetini tugatgan. 1975-1976 yillarda Buxoro viloyat bolalar kasalxonasida Internaturani o`tagan. 1977-1989 yil Buxoro viloyat bolalar kasalxonasida LOR-shifokori, 1989 yilda Buxoro viloyat bolalar kasalxonasi LOR-bo`limi mudiri lavozimida faoliyat ko`rsatdi. 1995 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi, 1997 yilda dotsentlik unvonini oldi. 1995-1998 yilda IIB kasalxonasi boshlig`i lavozimida ishladi. 2003-2009 yy. tibbiy pedagogika fakulteti dekani, 2009-2011 yy. Buxoro davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti dekani 2012-2014 yilda tibbiy pedagogika va oliy hamshiralik ishi fakulteti dekani, 2014-2018 yilda Otorinolaringologiya, stomatalogiya va oftalmologiya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko`rsatdi. U 80 dan ortiq ilmiy maqolalar, 16 ta uslubiy qo`llanma muallifidir. Voxidov Nuriddin Hikmatovich “Otorinolaringologiya (2019 yil)” va “Bolalar otorinolaringologiyasi (2019-yil)” rus va o`zbek tilida darslik, “Halqum, hiqildoq, burun, quloqning funksional anatomiyasi va tekshirish usullari”, “Yuqori nafas yo`llari kasalliklari”, “Bolalarda o`tkir laringotraxeit”, “Bolalarda hiqildoq va traxeya kasalliklari (2019-yil)”, “Klinik otorinolaringologiya (2020-yil)”, “Bolalarda yuqori nafas yo`llari kasalliklari (2019)” o`quv qo`llanmalar nashr ettirgan.

2012-2014 yillarda kafedra mudiri etib tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Nurov Ubaydullo Ibodullayevich tayinlandi. U 2014 yilda tibbiy pedagogika va oliy hamshiralik ishi fakulteti dekani etib tayinlanganligi uchun, kafedrani 2014-2019 yillarda dotsent N.H.Voxidov boshqardi. 2019 yildan hozirgi kunga qadar kafedrani dotsent U.I.Nurov boshqarib kelmoqda. U 1980 yilda   O`rta Osiyo pediatriya tibbiyot institutiga o`qishga kirib, 1986 yilda shu institutni imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1993 yilda aspiranturaga qabul qilinib, uni muddatidan oldin tugatib,  nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. U.I. Nurov 1996 yilda LOR kafedrasi assistenti, 1997 yil kafedra katta assistenti lavozimida faoliyat yuritdi. 2002 yil kafedra dotsenti etib tayinlandi. 2004-2009 yy.  Buxoro davlat tibbiyot instituti stomatologiya fakulteti dekani lavozimida ishladi. 2012-2014 yillar “Otorinolaringologiya” kafedrasi mudiri, 2014-2019 yillarda Tibbiy pedogogika fakulteti dekani vazifasida ishlagan.  U 96 ta ilmiy maqola, 12 ta uslubiy qo`llanma, 4 ta o`quv qo`llanma va “LOR-hamshirasining jarrohlik blokidagi ishi”, “Bolalarda hiqildoq va traxeya kasalliklari”, “Klinik otorinolaringologiya”, “Otorinolaringologiya” kabi o`quv qo`llanmalar muallifidir. Uning tomonidan 7 ta ratsionazatorlik taklifi kiritilgan va 3 ta ilmiy ishlariga patent olingan.

“Otorinolaringologiya” kafedrasi 2006 yilda oftalmologiya kafedrasi bilan birgalikda faoliyat ko`rsatdi. 2014-2016 yillarda rektor buyrug`i bilan kafedra “LOR,  stomotologiya va onkologiya”, 2016-2018-yillarda esa “LOR, onkologiya va oftalmologiya” kafedrasi sifatida faoliyat yuritdi. 2019 yildan hozirgi kungacha “Otorinolaringologiya va oftalmologiya” kafedrasi bo`lib, o`z faoliyatini davom ettirmoqda.

1993 yilda institut ilmiy kengashi qaroriga asosan “Koʼz kasalliklari” kursi tashkil qilindi. Kafedra Buxoro viloyat koʼz kasalliklari shifoxonasi bazasida joylashgan. 2006 yildan hozirga qadar Oftalmologiya kursini Odilova Guljamol Rustamovna boshqarib kelmoqda. 2010 yilda  G.R.Odilova nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib,  2011 yilda tibbiyot fanlari nomzodi unvoni oldi. Odilova Guljamol Rustamovna oftalmologiya kursi katta oʼqituvchisi, tibbiyot fanlari nomzodi, 25 dan ortiq oʼquv-uslubiy qoʼllanma muallifi, 45 dan ortiq maqolalari xorijiy va respublika jurnallarida chop etilgan.

    Kafedrada “Davolash”, “Tibbiy pedagogika”, “Tibbiy biologiya”, “Tibbiy profilaktika”, “Stomatologiya” va “Pediatriya” fakulteti talabalariga otorinolaringologiya va oftalmologiya fanlaridan amaliy va klinik mashg`ulotlar olib boriladi.